Nodira
Nodira (taxallusi; ismi Moxlaroyim) (1792, Andijon -1842, Qo’qon) — shoira, ma’rifatparvar va davlat arbobi. «Komila» va «Maknuna» taxalluslari bilan ham she’rlar yozgan. Otasi Andijon qokimi Rahmonqulbiy — ming qabilasidan, Farg’ona hukmdori Olimxonning tog’asi. Olimxon ukasi Umarxonga Marg’ilon hokimligini beradi va uni 1807 yilda Nodiraga uylantiradi. Nodira shu xonadonda she’r yozishni mashq qiladi, shoira Uvaysiy bilan tanishadi, uni muallima sifatida saroyga taklif etadi. Nodiraning turmush yo’ldoshi Amir Umarxon ham Amiriy taxallusida ijod qilgan. 1822 yilda Umarxon vafot etib, uning o’g’li, 14 yoshli Muhammad Alixon (Ma’dalixon) taxtga ko’tarildi. Lekin davlatni, asosan, Nodiraning o’zi idora qildi. U madaniyat va san’atni rivojlantirishga intildi. Nodiraning zamondoshi qozi Abdunabi Xotifning tamomlanmay qolgan voqeaband dostonida Nodiraning hayoti va ijtimoiy faoliyati ishonarli dalillar bilan ko’rsatib berilgan: «asar yozishdan maqsadim Nodiraning oqila, fahmli, ilm va so’zning qadriga etadigan donishmand ayol ekanligini ko’rsatishdir… Umarxon vafotidan so’ng bu iffat sadafining injusi kunlarni xasratu firoq bilan shu tariqa o’tishini noshukurlik deb bildi. U gulistondek Chahorchaman bog’iga borib, Farg’ona, Toshkent, Xo’jand, Andijon va boshqa shaharlardan fozillar, olimlar, xattotlar, naqqoshlarni o’z xizmatiga chaqirtirib keldi». Nodira bir necha kitoblarni ko’chirtirdi va shoirlarni yangi-yangi asarlar yozishga tashviq qildi. Shoira devonlarning chiroyli yozilishi, muqovasining bezatilishini o’zi shaxsan ko’zdan kechirib turgan. U yaxshi ishlagan kotiblarga tilla kalam, kumush qalamdon berib, ularni «zarrin qalam»lik mansabiga ko’targan. Nodira bozor va rastalar, masjid va madrasalar, karvonsaroylar qurilishiga e’tibor bergan. Go’ristoni kalondagi Madrasai chalpak, Taqagarlik rastasidagi moharoyim madrasasini bino ettirgan. Buxoro amiri Nasrullo 1842 yilda Qo’qonga bostirib kirib, Ma’dalixonni, ukasi Sulton Mahmudxonni, 14 yashar o’g’li Muhammad Aminxonni va Nodirani fojiali ravishda o’ldiradi. Nodiraning adabiy merosi o’z g’oyaviy-badiiy ahamiyati nuqtai nazaridan mumtoz she’riyatning go’zal namunalaridandir. Uning tula bo’lmagan o’zbekcha devoni O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv.№ 4132). Devonga Nodiraning 109 (yoki 1704 misra) g’azali kiritilgan. Nodiraning uzi yozgan deochada tarjimai holiga oid ba’zi muhim ma’lumotlar berilgan. 19-asrda ko’chirilgan, hozirgi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix muzeyi arxivida saqlanayotgan devonda Nodiraning «Komila» taxallusi bilan yozgan 19 (328 misra) g’azali borligi aniqlangan. 1962 yilda Namanganda shoiraning mukammal devoni topildi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida saqlanayotgan (inv. № 313) bu devon shoiraning merosini to’liq qamrab olgan, deyish mumkin. Bunda shoira yozgan debocha mukammal berilgan. Devonda shoiraning «Nodira» taxallusi bilan yozgan 180 she’ri jamlangan (shulardan 136 tasi o’zbek tilida, 44 tasi tojik tilida). Jumladan, 11 muxammas, 2 musaddas, 1 musamman, 1 tarji’band, 1 tarkibband va 1 Firoqnoma ham bor. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida Nodiraning «Maknuna» taxallusi bilan yozilgan, 333 g’azaldan iborat bir devoni mavjud (inv. № 7766). Bugungi kunda biz Nodiraning o’zbek va fors-tojik tillarida yaratgan 10 ming misraga yaqin lirik merosiga egamiz. Nodira she’riyatining asosini lirika tashkil etadi. Nodira muhabbat, sadoqat va vafo kuychisidir. U go’zallik va sadoqatni, Sharq xotin-qizlarining dard-alamlari, ohu fig’onlarini kuyladi. Shoira o’zini ishq oynasi deb atar ekan, bu oynada insonning hayotga umid bilan qarashi, ezgu istaklari va orzusi aks etgan. U muhabbat Alloh tomonidan insonlar qalbiga solingan mangu yog’du ekanligini kuyladi: Muhabbatsiz kishi odam emasdur, Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et! N.ning muhabbat tushunchasi chuqur ijtimoiy mazmun kasb etadi. Muhabbat shaxsiy tuyg’ular doirasidan yuqori ko’tarilib, odamiylikni chuqur idrok qilish vositasiga aylantiriladi. Nodira insonning eng yuksak fazilati vafodorlikda deb biladi. Shoiraning fors-tojik tilidagi mebosh radifli gazalida vafo mavzui keng doirada qalamga olinadi. Shoira himmat, sabr, qanoat, nomus, hayo kabi xislatlarni ma’rifat, ya’ni Xudo vasliga erishishni yaqinlashtiruvchi manzillar sifatida qayd etadi, odam ana shu sharafli xislatlarni o’z ruhiga mukammal singdirib olishi va uni sobitqadamlik bilan ko’ngil ganjinasida asramog’ini obrazli qilib tasvirlaydi. Odamzod shu sifatlardan maxrum bo’lar ekan, u riyo yo’liga kirib ketadi. Nodira o’z ijodida dunyoviylik bilan bir qatorda tasavvufning Naqshbandiya yo’nalishiga asoslangan bir butunlik orkali insonning jamiyat va tabiatga munosabatini ham, ilohiy muhabbat yo’lidagi ruhiy dunyosini ham juda go’zal va jonli misralarda ifodalab beradi. Nodira she’rlarida Islom ruhi, tasavvuf ta’limi va hayot falsafasini chuqur idrok etgan holda hayotga hamma vaqt umidbaxsh nigoh bilan qaraydi va undan yaxshilik urug’ini qidiradi. Nodira Saroyda yashasa ham, o’zini ma’naviy jihatdan Baxtiyor hisoblay olmas edi. Shuning uchun ham u g’azallaridan birida: «meni saltanat masnadida ko’rib, gumon etmang ayshu farogat bilan», deydi. Nodira olimlar, shoirlar, ayniqsa, shoiralarni o’z himoyasiga olgan. Shoira o’z devonlarining «hamnishin olima afifalar, fozila hamsuhbat sharifalarning maslahatlari va tashabbuslariga ko’ra jamlangani»ni O’zbekcha devoniga yozgan so’zboshisida qayd etib o’tadi. Nodira mumtoz she’riyatning mavjud hamma janrlarida qalam tebratdi. Uning O’zbekcha va forsiychatojikcha g’azallari aruzning turli vaznlarida 5, 7, 9, 13, hatto 18 baytli hajmda yaratilgan. Shoira g’azallarining asosiy qismi 7-9 baytlidir. Nodira mumtoz adabiyot an’analarini qunt va ixlos bilan davom ettirgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedil g’azallariga muxammaslar bog’lagan. Nodira o’z g’azallarida ko’proq «Muqarrar» (so’zning takrorlanib kelishi) va «qo’sh muqarrar» usullaridan foydalangan. Asarlarida talmeh, majoz, tashbeh, istiora, tazod, tadrij, tashxis, intoq kabi badiiy vositalar mahorat bilan qo’llangan. Nodira fors-tojik tilida ham go’zal, ta’sirchan she’rlar yozgan. Ular ham mazmun va badiiy mahorat jihatdan o’zbek tilidagi g’azallaridek yuksak darajada yozilgan bo’lib, shoira ijodini yana ham keng va to’laroq o’rganishda muhim rol o’ynaydi. Nodira ijodiga bo’lgan qiziqish shoira qayotlik davridayoq boshlangan. Mashhur shoira Dilshod (1800-1905) Nodiraga Maxsus g’azallar bag’ishlab, uni «ilm-adabi va nazm osmonining yulduzi, ushshoqlari g’azalxoni, shakar sochuvchi bulbul» deb ta’riflaydi. Nodira g’azallariga juda ko’p shoirlar naziralar yozganlar, muxammas bog’laganlar. O’zbek adabiyotida va sahnada Nodiraning badiiy obrazi yaratildi. H. Razzoqovning «Nodira», Turob To’laning «Nodirabegim» musiqali dramalari sahnalashtirildi. Komil Yormatov va M. Melkumovlarning stsenariysi asosida «Nodirabegim» filmi yaratildi. Shoira asarlari rus va boshqa chet tillarga tarjima qilingan. Fazallari o’zbek maqomlari va xalq kuylariga solingan. O’zbekistonning shahar va qishloqlarida ko’plab ko’chalar, kinoteatr, maktab va kutubxonalar Nodira nomi bilan yuritiladi. As: She’rlar, T., 1958; Devon, T., 1963; asarlar (2 j.li), 1-j., T., 1968; 2-j., 1-2-kitob, T., 1971; Devon (fors- tojik tilidagi g’azallar), Dushanba, 1967; Uvaysiy va Nodira, T., 1994. Ad.: Jalolov T., O’zbek shoiralari, 1-kitob, 2nashr, T., 1970; Abdullaev V., O’zbek adabiyoti tarixi, 2-kitob, 1967; Qayumov A., Qo’qon adabiy muhiti, T., 1961; Qodirova M., Davr Nodirasi (Nodiraning hayot va ijod yo’li), T., 1991; Ma’naviyat yulduzlari, T., 2001. Mahbuba Qodirova.