YOTUG’ON
YOTUG’ON — qonunsimon ko’p torli soz. O’tmishda O’rta Sharqda, shu jumladan turkiy xalqlarda mashhur bo’lgan. Yog’ochdan o’yib (uzunligi 100-150 santimetr), to’nkarilgan cho’ziq tog’ora shaklida yasalgan. Har bir tori ostida (sozlash uchun) harakatchan xaragi bo’lgan. Sozanda Yotug’onni oldiga yotiq holda qo’yib («yotiq Arfa» nomi shundan), o’ng qo’li bilan torlarni chertgan, chap qo’li bilan torlar tebranishini to’xtatgan. Abduqodir Marog’iyning «Maqosid ul alhon» («Kuylarning maqsadlari») kitobida 17 torli Yotug’on ta’riflangan. G’arbiy Sibirning ba’zi xalqlari (xakas, Tuva, tofa) da Yotug’onga o’xshash Chatkan, chattigan, chadagan nomli cholg’u asboblar mavjud. 1960 yillarda Qozog’istonda 7 torli «jetigen» nomli soz yaratilgan (18 asr etnografik ma’lo’motlari asosida) va milliy cholg’ular orkestriga kiritilgan.