Kashta nima?
Kashta — matoda bezakli qaviqlar bilan tikish san’ati. Kashtachilik juda qadimiy san’at hisoblanadi. Ossuriya va Eron shaharlari xarobalarida o’tkazilgan arxeologik qazish ishlari paytida kashtali kiyimlarning qoldiqlari topilgan. Eski Ahdda Tavrot zamonidagi yahudiylarning hayit kunlarida kiyadigan jomalaridagi kashtalarning go’zalligi bayon qilinadi. O’rta asrlarda kashtado’zlik yuksak cho’qqilarga ko’tarildi. Italiyalik va gollandiyalik buyuk rassomlar Injil motivlari asosida suratlar naqshlanishi uchun gobelenlar — devorga osib qo’yiladigan gilamlarga qoralamalar chizganlar. Mashhur ayollar o’z qasrlarida alohida tantanali marosimbop kiyimlarga va cherkov mehrobi uchun poyandozlarga soatlab kashtalar tikkanlar. O’rta asrlarda mashhur bo’lgan kashtalardan biri Gastings yonidagi jang tasviri solingan bayok gobelenidir. Uzunligi yetmish metr va qalinligi qariyb ellik besh santimetrga boradigan zig’ir polotno — tasmada sakkiz xil rangdagi jun iplar yordamida barcha jangchilar, otlar, kalxatlar, qaqnuslar va g’aroyib maxluqlar tasvirlab berilgan. XVIII asrga kelib kashta narxi uning tilla og’irligidagi vaznidan ham oshib ketdi! XVIII— XIX asrlarda qizlarni tarbiyalash sirasiga kashtado’zlik san’atini egallash ham majburiy tarzda kiritilgan bo’lib, ular bu kasb bilan har kuni shug’ullanishgan. Ular zig’ir matosining qurog’ida turli qaviqlarni bajarishga o’rgatib borilgan. Bunday andozalarda uylar, hayvonlar, raqamlar, alifbo harflari va hatto she’rlar ham tikilgan. Kashtani tikib bo’lgach, qiz unda o’z ismi-sharifini, yoshi va kashta bitgan sanani ko’rsatib qo’ygan. Har bir mamlakatda kashtado’zlikning o’z uslubi mavjud bo’lgan. Xitoy va Yaponiyadagi kashtado’zlikda zar iplar va ipakdan foydalanilib, ular bilan yupqa Damashq gazmolida ajdarholar, gullar, qushlar va manzaralar tasvirlab berilgan. Italiya va Ispaniya kabi issiq ihlimli mamlakatlarda kashtalarning rang va bo’yog’i yorqin va quvnoq bo’lgan. Fransiya va Shveytsariyadagi kashtalar nafisligi bilan mashhur bo’lgan. Bu o’lkalardagi kashtalar aksariyat hollar oq fon — taglikda oq iplar bilan uddalangan. Bolqon mamlakatlarida yorqin naqsh bilan tikilgan kiyim-kechaklar va ko’rpalar avloddan — avlodga meros bo’lib kelgan.