AMUDARYO

Amudaryo – O’rta Osiyodagi eng yirik va sersuv daryo. U tarix kitoblarida ikki у a rim ming yildan buyon 20 dan ortiq nom bilan atalib kelgan. Uni daryo bo’yida yashovchi turkiy qabilalar dastlab O’kuz, ya’ni daryo deb atagan. Yunon va rimliklar O’kuzni o’z tillariga moslab Oks (Oksus), daryoning o’ng sohilini esa Transoksiana, ya’ni “daryo orti” deyishgan. Arablar hanvxuddi shu ma’noda daryoning shimol tarafini Movarounnahr deb atashgan. Daryoning suv parisi (xudosi)ni anglatuvchi Vaxsh degan nomi ham bo’lgan. Keyinchalik Vaxsh uning sersuv o’ng irmog’iga nom bo’lib qolgan. Pokistonda Amudaryoni hozir ham Vakshunada deb atashadi. O’rta asr arab sayyohlari asarlarida daryo nomi Jayhun shaklida uchraydi. Amudaryoning ayrim qismlari daryo sohilidagi shaharlar yoki muzofotlar nomlari bilan Balx daryosi, Urganch daryosi, Xorazm daryosi kabi nomlar bilan ham yuritilgan. Nihoyat daryoning hozirgi nomi qadimgi karvon yo’lida joylashgan Amul (Amuye yoki Omuyya) shahri nomi bilan mashhur bo’lib ketdi. Amul shahri Toxariston o’lkasining markazi bo’lib, 15-asrdan Chorjo’y deb atalgan. Daryoning uzunligi Vaxjir-Vohandaryo bilan birga qariyb 2500 kilometr. Afg’onistondagi Hindikush tog’larining shimoliy yon bag’ridan salkam 5000 metr balandlikdagi muzlikdan boshlanadi. Hisor tizmasi, Pomir tog’laridan juda ko’p irmoqlar kelib qo’shiladi. Eng yirik va sersuv irmog’i – Vaxsh daryosi qo’shilgandan keyin Amudaryo deb ataladi. Surxondaryodan keyin Amudaryoga to Orol dengizigacha 1200 kilometr masofada bironta boshqa irmoq qo’shilmaydi. Zarafshon bilan Q ashqadaryo Amudaryoning qadimgi irmoqlari bo’lib, ularning suvi butunlay sug’orishga sarf bo’ladi. O’zanida orollar bor. Daryoning tog’lardan tushuvchi irmoqlari jo’shqin; chuqur va tor daralar orqali hayqirib oqadi, gidroenergetika resurslariga boy. Daryo o’zani yuqori qismida har bir kilometrda 4 metrdan 10 metrgacha pasayib boradi. Tekislikdan o’tgan qismida ancha tinch, sekinroq oqadi. Shuning uchun uni “gohida sho’h, gohida sokin” daryo deyishadi. Amudaryo o’zanining nishabi Volga daryosidan o’n marta, Nil daryosidan uch marta ko’p. Daryo yumshoq jinslardan tuzilgan qirg’oqlarini buzib, o’pirib, ba’zi joylarda yo’lini o’zgartirgani uchun “O’jar daryo”, “Jo’shqin daryo”, “Quturgan daryo” degan laqablari ham bor. Daryoning yuqori oqimi O’zbekiston – Afg’oniston chegarasidan, o’rta oqimining bir qismi O’zbekiston – Turkmaniston chegarasidan oqadi. Daryo Qoraqum va Qizilqum cho’llaridan o’tib Orol dengiziga katta delta hosil qilib quyiladi. Qish qattiq kelgan yillari daryo ayniqsa tekislik qismida ba’zan yoppasiga 30 santimetr qalinlikkacha muz bilan qoplanadi, natijada suv muz ustidan oqib toshqinlar vujudga keladi, bahorda muz eriganda ham muz tiqilib daryo toshadi. Sho’rolar hokimiyati davrida paxtazorlarni yanada kengaytirish uchun 1960-yillardan Amudaryo havzasida bir qancha suv omborlari, yirik mashina kanallari qurildi. Natijada Orol dengiziga quyilayotgan suv hajmi keskin kamaydi. Ekinzorlar uchun foydali bo’lgan millionlab tonna mineral moddalardan iborat loyqalar suv omborlarida cho’kib qola boshladi. Dalalardan chiqqan oqova suvlar zovurlar orqali pastqam joylarga oqib yangi ko’llar paydo bo’ldi. Shunday qilib daryo suvidan tejamsiz foydalanish ko’p salbiy oqibatlarga olib keldi. Turli hayvonlar uchun makon bo’lgan to’qaylar qisqarib ketdi. To’qayzorlarning bir qismini aslicha saqlab qolish maqsadida Termiz shahri yaqinidagi “Payg’ambar oroli” da qo’riqxona tashkil etilgan. Amudaryoda noyob baliq turlari bor, jumladan qilquyruq (skaferingus) balig’i yashaydi. Daryo havzasida joylashgan O’rta Osiyo respublikalari 1991-yili sho’rolar zulmidan qutulib, mustaqillikka erishganlaridan keyin. Amudaryo suvidan oqilona va bahamjihat foydalanish maqsadida birgalikda harakat qilmoqdalar, chunki bu daryo uning havzasida yashovchi xalqlar uchun g’oyatda hayotiy ahamiyatga ega. Amudaryo O’rta Osiyo tarixida juda ko’p voqea hodisalar, jang-u-jadallarning guvohi bo’lgan. Bundan 2500 yilcha oldin Eron shohi, oradan ikki asr o’tgach makedoniyalik Iskandar qo’shinlari, 7-asr oxirida arab qo’shinlari Amudaryoni kechib o’tib, O’rta Osiyoga bostirib kirganlar. Ayni vaqtda daryo asrlar davomida savdo kemalari uchun qulay suv yo’li bo’lib kelgan. Qadimda Amudaryo Kaspiy dengiziga quyilgan vaqtlarda Hindistondan keltirilgan mollar Termiz shahri yonida kemalarga ortilib Yevropaga olib borilgan. 13-asrda mo’g’ullar bosqini paytida ular daryoning chap sohilidagi to’g’onni buzib Xorazm poytaxti ko’hna Urganchni suvga bostirganlar. Amudaryo muhim suv yo’li sifatida Petr I zamonidan rus mustamlakachilarini ham e’tiborini jalb qilgan. Ular O’rta Osiyoni bosib olish va Amudaryo orqali Hindistonga chiqish uchun ko’p urinishgan. Nihoyat o’tgan asrning ikkinchi yarmida Turkiston bosib olingach, Amudaryoda 1888-yilda harbiy flot tuzganlar. O’sha yili yanvarda Chorjo’y shahri yaqinida, temir yo’l ko’prigi qurib bitkazildi va ko’prikdan dastlabki poyezd o’tdi. Endilikda bularning hammasi o’tmish tarix bo’lib qoldi. Hozirda daryo resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida bir qancha tadbirlar amalga oshirilmoqda.