ANDERSEN XANS KRISTIAN (1805— 1875)

Bundan yuz yilcha ilgari Shotlandiyadagi bir mehmonxonada yoshi anchaga borib qolgan muloyimgina bir sayohatchi hassasini unutib qoldiradi. Mehmonxona xo’jayini hassaga “Daniyalik yozuvchi Xans Kristian Andersenga” degan yozuvni bog’lab, pochtaga olib boradi. Pochta adressiz posilkani qabul qiladi va uni parishonxotir sayohatchiga yetkazadi, chunki o’sha paytdayoq bu ajoyib insonning nomi butun dunyoga tanish edi. Matonatli Qalay soldatcha va yoqimli Dyuym ovochka, Irkit o’rdakcha va “Qirol yalang’och-ku!” – deb odamlarga haqiqatni ayta olgan dovyurak bola bolaligimizdan boshlab va butun umrimiz davomida biz bilan birga yashamoqda. Yer yuzida Andersen ertaklari qahramonlarini bilmaydigan mamlakatlar juda kam. Bu ertaklarda chin insonlarda bo’ladigan barcha fazilatlar: mardlikka hurmat- e’tibor, boshiga musibat tushgan odamlarga rahm-shafqat va achinish, oddiy odamlarga mehr, razil va bag’ritosh kishilar ustidan kulish hamda ularga nisbatan nafrat mavjud. Bu ertaklarda kulgi bilan ko’z yoshi, g’am bilan quvonch – hammasi, xuddi haqiqiy hayotdagiday, yonma-yon yashaydi. Xans Kristian Andersen Daniyaning Odense shaharchasida tug’ildi. Uning otasi kambag’al etikdo’z edi, bo’lajak ertakchining bolaligi oddiygina oilada o’tdi. Ertaklarida keyinchalik o’zining jonli ifodasini topgan va chuqur mazmun kasb etgan hamma narsani: eski qalay qoshiqdan qilingan soldatchani ham, to’rlab yamashga moslangan ignani ham, “Qor malikasi” ertagida tasvirlangan yashikdagi polizni ham u xuddi mana shu uyda ko’rgan bo’lishi mumkin. Etikdo’z oilasining turmushi barcha kambag’al odamlarniki singari juda og’ir edi. 12 yoshida Xans Kristian movut fabrikasiga ishga kirdi. O’qish uchun esa faqat kechqurun, kambag’allar uchun ochilgan bepul maktabga borishi mumkin edi. U astoydil, berilib o’qidi, butun bo’sh vaqtini o’qish va dars tinglashga sarfladi. Kitoblar o’qidi, ertaklar tingladi. U yozuvchi bo’lishga va ertaklar ijod etishga ahd qildi. Bu oson emas edi. Biroq Xans Andersen o’zining Qalay soldatchasi singari juda matonatli va tirishqoq edi. Ertaklarida esa xuddi yalang’och qirol haqidagi ertagi qahramoni kabi haqiqatni aytar edi… Andersen Yer yuzidagi barcha bolalaming, katta odamlar ham bir paytlar yosh bola bo’lganini nazarda tutsak, Yer yuzidagi barcha odamlarning sodiq do’sti va maslahatchisi bo’lib qoldi. Uning ertaklari faqat bolalar uchungina emas. Bu ertaklar zamirida ko’plab chuqur va oqilona fikrlar mujassam etilganki, ular odamlarga hamisha quvonch baxsh etaveradi. Andersen ertaklari o’zbek tilida bir necha marta nashr etilgan.