AJDODLARGA SIG’INISH
AJDODLARGA SIG’INISH – patriarxal ekzogam urug’larida shakllangan oila-urug’ e’tiqodlarining bir qismi. Ajdodlarga sig’inishda urug’oqsoqollari va patriarxal oilalarning boshliqlari asosiy rol o’ynagan. Ajdodlarga sig’inishning turli shakllari mavjud bo’lgan. Ajdodlarga sig’inish dafn marosimlari (o’lgan kishilarning joni va ruhi haqidagi tasavvurlar), shaxsiy homiy ruxlarga, oila-urug’oqsoqol homiylariga sig’inish kabilar asosida tarkib topgan. Ajdodlarga sig’inishda ajdodlarning ruhlari urug’ning a’zosi bo’lib qolishi, lekin ular odamlardan kuchli bo’lgani sababli urug’ning farovonligi shu ruhlarga bog’liq, degan tasavvur katta ahamiyat kasb etgan. Bu tasavvurlar obro’-e’tiborli urug’oqsoqoli timsolini kabila xudosi darajasiga ko’tarish uchun g’oyaviy asos bo’lib xizmat qilgan. Jamiyatda kishilarning ijtimoiy belgilariga ko’ra tabaqalashuviga mos ravishda ajdodlar ruxlarining ham tabaqalashuvi sodir bo’ladi, natijada qabila boshliqlari, urug’oqsoqollariga sig’inish birinchi o’rinni oladi. Buning asosida qadimgi dinlarda qahramonlarga sig’inish, keyin esa avliyolarga sig’inish vujudga kelgan. Turkiston xalqlari orasida ham bu odat keng yoyilgan. Hozir ham arvohlarni eslash, arvohlarga sig’inib ulardan madad so’rash, ular uchun xudoyi qilish, is chiqarish kabi shakllarda namoyon bo’ladi.