AYRIBEL TOG’LARI
AYRIBEL TOG’LARI – O’zbekiston Respublikasi Samarqand viloyatidagi Zirabuloq past tog’larining Sharqiy qismi. Eng baland nuqtasi 767 metr. Ayribel tog’lari shimoliy-g’arbdan Janubiy-sharqqa yo’nalgan. Uzunligi 15 kilometr. Janubiy – g’arbiy yon bag’irlari Qarnob cho’liga tikroq tushgan va quruq soylar bilan o’yilgan. Kattaqo’rg’on suv ombori tomon qaragan shimoliy-sharqiy yon bag’irlari qiyaroq. Tizmaning o’rta qismida paleozoyning ohaktosh va slaneslaridan iborat kenglik bo’yicha yo’nalgan qator tepalar mavjud bo’lib, ular oralig’ida granitlardan tashkil topgan platosimon yuzalar joylashgan. Ayribel tog’lari tipik bo’z tuproqlar mintaqasida joylashgan, shim. yon bagirlarining yuqori qismlarida to’q bo’z tuproqlar bor. Efemer o’simliklar bilan birga, qorajusan, qo’ziquloq, oqquray o’sadi. Yaylov chorvachiligida foydalaniladi.