ABDULLAXON BANDI

ABDULLAXON BANDI – 16-asrning 80-yillarida Buxoro hukmdori Abdullaxon II qurdirgan qadimiy suv ombori. Bu inshoot qoldiqlari Nurota tumani markazidan 65 km Sharqda, eski Okchob qishlog’i yaqinidagi Beklarsoy darasida hozirgacha saqlangan. 1957 — 62 yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti olimlari tomonidan o’rganilgan. Abdulla bandining to’goni slanets toshlardan kurilib, tosh palaxsalari suvga chidamli maxsus ganch korishmasi — qir bilan biriktirilgan. To’g’onning uzunligi asosida 73 metr, yuqorisida 85 metr, balandligi 14,5 metr. Bunda suv bosimi hamda uning ag’daruvchi kuchi hisobga olingan holda to’g’on asosining qalinligi 15,3 metr, ustki qismi 4,5 metr qilinib zinapoya shaklida qurilgan. To’g’on oldida hosil bo’lgan suv omborining uzunligi 1,5 km, eni 75 — 125 metr. Abdulla bandiga taxminan 1,2 million kubometr suv to’plangan. Inshootdan quyida joylashgan kamar, Oqchob, O’rganjiy, Ravot, Jilontamgali va Soykechar qishloqlari atrofi sug’orilib obod etilgan. 16-asrda ana shu qishloqlar hududida taxminan 1,2 ming gektar yer maydoni o’zlashtirilgan. Ad.: Hofiz Tanish Mirmuhammad Buxoriy, Abdullanoma, O’zFAShI, qo’lyozma, inv. № 2207; Mirza Salimbek, Tarixi Salimiy, O’zFAShI, qo’lyozma, inv. № 2016; Muhammadjonov A., O’zbekistonning qadimgi gidrotexnika inshootlari, T., 1997.