ABDULLAXON MADRASASI

ABDULLAXON MADRASASI – me’moriy yodgorlik. Buxorodagi qo’sh madrasa ansamblining shimoliy qismida joylashgan. Me’mori noma’lum, Abdullaxon qurdirgan (1588 — 90). Tuzilishi odatdagi madrasalardan ancha farq qiladi. Hovli atrofini ikki oshyonli hujralar o’rab turadi. Har ikki tomonida baland peshtoq joylashgan. Peshtoqlar orqali ichkari xonalar va xonaqohga o’tiladi. Madrasaning katta peshtoqi Janubga qaragan. Peshtoq qanotlari va guldastalar sirkor bezaklar bilan pardozlangan. Darvozadan o’tib, ikki yoqdagi katta xonalar — darsxona va masjidga kiriladi. Darvoza xotamkori uslubining noyob namunasi — girih shaklli mayda yog’och parchalaridan terilgan. Abdullaxon davri me’morligi yetuk namunasi bo’lgan bu Madrasa Buxoro me’morchiligining 16-asrda erishgan barcha ijodiy yutuqlarini namoyish etadi. Ad.: Pugachenkova G.A., Rempel L. I., Vidayutshiesya pamyatniki arxitekturi Uzbekistana, T., 1958.

ABDULLAXON MADRASASI – Xivadagi me’moriy yodgorlik (1855). Ichan qal’adagi Olloqulixon va qutlug’ Murod inoq madrasalari oralig’ida joylashgan. Abdullaxon (Xiva xoni qutlug’ Murod Inoqning o’g’li) xotirasiga onasi tomonidan qurdirilgan. Chortoq tarhli (31,5×28,25 metr) bo’lib, burchaklariga guldasta — minora ishlangan. Bosh tarzidagi keng ravoqli peshtoq orqali 3 gumbazli miyonsaroyga, u orqali hovliga o’tiladi. Hovli (18,9 x 14,0 metr) atrofi hujralar bilan o’ralgan. Hujralar tomi balxi gumbaz bilan yopilgan. Janub tomondagi gumbazli masjid miyonsaroy bilan bog’langan. Darsxonalar tarhi murabba — 4,25×4,25 metr. Hovliga g’arbdan ensiz yo’lak orqali kiriladi. Ad.: Mankovskaya L. Yu., Bulatova V. A., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.