ABDULLAXON TIMI

ABDULLAXON TIMI – Buxorodagi eng katta usti berk savdo rastasi. Abdullaxon davrida qurilgan. (1577). Abdullaxon timi asosi murabba tarxli (39X42 metr), 3 tomoni berk, bosh tarzidagi peshtoq orqali kiriladi. Devorlarining 2 tomonida ravoqli tokchalar joylashgan. Baland gumbazli bostirma timni o’rab turadi. O’rtadagi miyonsaroy (diametri — 10 metr) baland gumbaz bilan yopilgan. Gumbaz ostidagi ravoqli teshiklardan yorug’ tushadi. Miyonsaroy atrofi dalon. Dalondagi mayda ravoklar ichida gumbaz tomli do’konlar bo’lgan. Bino pishiq g’ishtdan (22x27x3,5 santimetr) qurilgan, devorlari ganch suvoqpi, naqshin bezaklari deyarli saqlanmagan. O’tmishda bu yerda shoyi, jun gazlama bilan savdo-sotiq qilingan. Abdullaxon timi Buxoro shahridagi savdo rastalari, Chorsu—toq binolari ichida eng kattasi va shaklu shamoyili jihatidan ancha murakkab va xushbichim hisoblanadi. Bir necha bor ta’mirlangan, savdo do’konlari joylashgan.