ABDULLAXON MADRASASI haqida bilasizmi?

ABDULLAXON MADRASASI – me’moriy yodgorlik. Buxorodagi qo’sh madrasa ansamblining shimoliy qismida joylashgan. Me’mori noma’lum, Abdullaxon qurdirgan (1588 — 90). Tuzilishi odatdagi madrasalardan ancha farq qiladi. Hovli atrofini ikki oshyonli hujralar o’rab turadi. Har ikki tomonida baland peshtoq joylashgan. Peshtoqlar orqali ichkari xonalar va xonaqohga o’tiladi. Madrasaning katta peshtoqi Janubga qaragan. Peshtoq qanotlari va guldastalar sirkor bezaklar bilan pardozlangan. Darvozadan o’tib, ikki yoqdagi katta xonalar — darsxona va masjidga kiriladi. Darvoza xotamkori uslubining noyob namunasi — girih shaklli mayda yog’och parchalaridan terilgan. Abdullaxon davri me’morligi yetuk namunasi bo’lgan bu Madrasa Buxoro me’morchiligining 16-asrda erishgan barcha ijodiy yutuqlarini namoyish etadi. Ad.: Pugachenkova G.A., Rempel L. I., Vidayutshiesya pamyatniki arxitekturi Uzbekistana, T., 1958.