ABDULMALIK

ABDULMALIK (646/647-705) -umaviylarga mansub xalifa (685-705). Abdulmalik 685-692 yillarda Makkada Abdulloh ibn Zubayr va Iroqda uning tarafdorlarini, 689-702 yillarda Damashqda Amr ibn Sayd al-Ashdaq va Eronda Abdurahmon ibn al-Ash’asni, shuningdek xorijiylarning Iroqdagi chiqishlari (692-97) ni bostirgan; xalifalikdagi ichki tarqoqlikka barham berib, Markaziy hokimiyatni mustahkamlagan; moliya va soliq islohotlari o’tkazgan; devon va idoralarda yunon, o’rta fors tillari o’rniga Arab tilida ish yuritishni joriy etgan; Vizantiya va sosoniylar tangalarini bekor qilib, Arabcha yozuvli oltin va kumush tangalar zarb qildirgan, bariyd (pochta) ishini yo’lga qo’ygan.

ABDULMALIK (katta to’ra) (1848— 1909, hozirgi Pokistonning Peshovar shahrida vafot etgan) — Karmana, so’ng Huzor (G’uzor) bekligi beki (1860-68). Buxoro amiri Muzaffarning katta o’g’li. 1868 yil yozida Amir Muzaffar boshchiligidagi Buxoro qo’shinlari rus qo’shinidan yengilgach, bu holdan norozi bo’lgan ruhoniylar, hukmron harbiy mulkdor tabaqa va fuqarolar Abdulmalik atrofiga to’plana boshladilar va Shahrisabzda uni Amir deb e’lon qildilar. Amir Muzaffar o’g’liga qarshi qo’shin tortdi, biroq zarbaga uchradi va rus ma’murlaridan harbiy yordam so’rashga shoshildi. Abramov boshchiligidagi rus qo’shinlari 1868 yil 23 oktabrda Abdulmalikdan tortib olib, Amir Muzaffarga topshirdi. Abdulmalik atrof-tevarakdan kuch to’plashga kirishgan, xususan Xiva xoni Muhammad Rahimdan madad istab borgan, so’ngra Hisor viloyatidan va turkmanlardan qo’shin to’plab, Qarshini otasidan tortib oldi. 1870 yil general Abramov qo’shinlari Abdulmalikning kuchlarini tor-mor keltirib, Shahrisabz, kitob va Qarshini Amir Muzaffarga qayta olib berdi. Abdulmalik Afg’onistonga, so’ng Qashqarga (1873) o’tdi. Qashqar Xitoy tomonidan bosib olingach, Abdulmalik Hindistondan panoh topdi.