ABDUQUNDUZOV

ABDUQUNDUZOV Muhammadali (1952.14.7, O’zbekiston tumani Yaypan qishlog’i) — O’zbekiston (1997) va Qoraqalpog’iston (2000) Respublikalari xalq artisti. Toshkent davlat san’at institutini tugatgan (1974). 1974-85 yil M. Uyg’ur nomidagi Surxondaryo viloyat teatrida aktyor, 1986 yildan Hamza teatrida, 1996-98 yillar Madaniyat ishlari vazirining o’rinbosari. 1998 yildan «O’zbekteatr» ijodiy ishlab chiqarish boshqarmasining bosh direktori. Asosiy rollari: Ferdinand («Makr va muhabbat»), Paratov («Sepsiz qiz»), Ikrom («Ufq»), Shokir («Ko’rmayin bosdim tikonni»), samoviy kuch («To’maris»), Abdulla Qodiriy, Otabek («Abdulla Qodiriyning o’tgan kunlari»), Husayn Boyqaro («Alisher Navoiy»), Akbar («Zebunisso»), Naufal («Muhabbat sultoni»), Umarxon («Fig’on»), Cho’lpon («Kunduzsiz kechalar») va boshqalar. Shuningdek ko’pgina videofilmlarda o’ynagan: Bobur («Bobur»), Navoiy («Layli va majnun»), Sultonali («Mehrobdan chayon»), Cho’lpon («Kecha va kunduz») va boshqalar. Ayniqsa uning ijrosidagi og’ir, vazmin, chuqur o’yga botgan, o’tkir nigohli Bobur roli aktyor ijodida alohida o’rin tutadi.