ABDURAHMON VALI MAQBARASI

ABDURAHMON VALI MAQBARASI — Buxorodagi me’moriy yodgorlik (14-asr). Maqbara (18,5×10,8 metr) uch gumbazli, tarhi to’g’ri burchakli. Ziyoratxona va ikki go’rxonadan iborat. Ziyoratxonaning to’rt tomoni ravoqli. Shimoliy ravoqda eshik o’rni bor. Bosh tarzidagi peshtog’ining ikki burchagida tomga chiqiladigan zina, g’arbiy devorida mehrob bor. Go’rxona ikki murabba tarhli xona (4,85×4,7 metr) dan iborat bo’lib, biridan ikkinchisiga ravoq orqali o’tilgan. Go’rxonaning birida ikki qator ganch suvoqli katta-kichik sag’analar, ikkinchisida xom g’ishtdan qurilgan yirik sag’ana joylashgan. Bu xonalarning tomi dastlab gumbazli bo’lgan. Ta’mir vaqtida tekis tom va sinchli devorlar ishlangan. 1950-86 yillarda o’rganilgan va ta’mir qilingan.