ABDURAHMON OFTOBACHI

ABDURAHMON OFTOBACHI (taxminan 1844-1884, Orenburg) — Qo’qon xonligida oftobachi, so’ngra parvonachi, mingboshi. Qo’qon xonligining Janubidagi tog’li viloyatlarda yashovchi qirg’izlar va qipchoqlarning bir qismi tomonidan Xudoyorxoning zulmiga, xususan soliq siyosatiga qarshi boshlangan qo’zg’olon rahbarlaridan. Ularga o’zbek va tojiklar qo’shilib umumxalq harakatiga aylanib ketgan. Xudoyorxon qo’zg’olonni bostirish uchun Abdurahmon.oftobachi va Isa avliyo boshchiligida qo’shin jo’natgan, biroq ular qo’zg’olonchilar tomoniga o’tgan. Qo’zg’olonchilar O’sh, Namangan, Andijon va Asakani olganlar. Xon qo’zg’olonni bostirish uchun Turkiston general-gubernatorligidan yordam so’ragan va uni kutmay Toshkentga qochgan. M. D. Skobelev boshchiligidagi jazo qo’shini Qo’qonga 1875 yil 13 iyulda yetib kelgan. Qo’zg’olonchilar 1873 yildayoq Po’latxonni xon deb e’lon qilganlariga qaramay Abdurahmon oftobachi Xudoyorxon qochib ketgandan so’ng taxtga Xudoyorxonning katta o’g’li Nasriddinbekni o’tqazadi. Abdurahmon oftobachi qo’zg’olonchilar safini yangi kuchlar bilan to’ldirib, qipchoqlar va oddiy jangchilarga dahboshi, ellikboshi kabi unvonlar berib, ularni yangidan tuzilayotgan qo’shinlarga boshliq etib tayinlagan. 1875 y. 22 avgustda mahram jangi bo’lib, unda qo’zg’olonchilar yomon qurollanganliklari, harbiy mahorat yo’qligi tufayli yengilganlar. 8-9 sentabrda Abdurahmon oftobachining 5 ming kishilik lashkari M. D. Skobelev qo’shini bilan Mingtepa qishlog’ida jang qilib mag’lubiyatga uchragan. Abdurahmon oftobachi 25 yigiti bilan O’zganga qochgan. Bu janglarda Po’latxon Abdurahmon oftobachiga yordam bermagan. Abdurahmon oftobachi va Po’latxonlarning o’zaro raqobatidan foydalangan rus qo’shinlari Qo’qon, Marg’ilon va O’shni jangsiz egallaydi. M. D. Skobelev Abdurahmon oftobachi boshchiligidagi qipchoqlarga uzil-kesil zarba berish uchun qipchoqlarning Norin bilan Qoradaryo oralig’idagi qishlov yeriga 1876 yil qishida harbiy ekspeditsiya uyushtirgan. Qo’zg’olonchilar bundan xabar topib rus qo’shinini Andijonda kutib olganlar. 1876 yil 8 yanvardagi jangda qo’zg’olonchilar yana mag’lubiyatga uchraganlar. 18 yanvarda Abdurahmon oftobachi boshchiligidagi lashkar Asakada yengilib, shaharni tashlab chiqqan. 19 yanvarda Po’latxon sulh taklif etib Xo’jandga K. P. Kaufman huzuriga elchilarini yuborgan. Bundan Abdurahmon oftobachini rus ayg’oqchilari ogoh etadilar. Abdurahmon oftobachi o’z hayotini saqlab qolish va mavqega ega bo’lish ilinjida 1876 yil 20 yanvarda taslim bo’lishi haqida muzoqaralar olib borish uchun ishonchli kishilarini jo’natgan, 24 yanvarda general M. D. Skobelev bilan shaxsan uchrashganidan so’ng o’z safdoshlari (26 safdoshi va 400 jangchi) bilan taslim bo’lgan. Abdurahmon oftobachi o’z tasarrufidagi qo’zg’olonchilarni tarqatib yuborgan, bu bilan qo’zg’olon mag’lubiyatga mahkum etilgan. Ad.: Bobobekov H. N., Qo’qon tarixi, T., 1996; Bobobekov H. N., Po’latxon qo’zg’oloni, T., 1996. Haydarbek Bobobekov.