ABDURASHIDOV Abdulaxad Abdulxamidovich kim bo’lgan?
ABDURASHIDOV Abdulaxad Abdulxamidovich (1956.11.6, Marg’ilon) — sozanda (naychi). O’zbekiston xalq artisti (2000). Farg’ona davlat musiqa bilim yurti (1975) va Toshkent davlat konservatoriyasi (1981) ni tugatgan. Marg’ilondagi «Do’stlik» bolalar ansamblida badiiy rahbar (1983-90), O’zteleradiokompaniyasining «Maqom» ansamblida sozanda (1990 yildan). Repertuaridan mumtoz va xalq cholg’u kuylari («Cho’li Iroq», «Yovvoyi Chorgoh», «Qalandar», Eroncha «Shoda-shoda» va boshqalar), o’zbek ashula va katta ashulalarning cholg’u yo’llari («Fig’on», «Hanuz», «Ey, sabo», «Bir kelsun» va boshqalar) o’rin olgan. Ijro uslubiga badihago’ylik, musiqiy-ifodaviy vositalarning yorqinligi, shu jumladan noziq nolalardan mohirona foydalanish xosdir. Bastakor sifatida «Nay nolasi», «Nigohing» kabi kuylarni, «Farg’ona ekan do’stlar», «Marg’ilon atlaslari», «Paydo bo’libdi» va boshqa ashulalarni yaratgan.


