ABDUXOLIQ G’IJDUVONIY

ABDUXOLIQ G’IJDUVONIY, Xoja Abdulxoliq ibn Abduljamil G’ijduvoniy (1103— G’ijduvon — 1179) — xojagon tasavvufiy tariqatining asoschisi va nazariyotchilaridan biri. Xojaiy Jahon nomi bilan ham mashhur. Uning tarjimai holiga bag’ishlab noma’lum muallif yozgan «Zikri voqioti Xojaiy Jahon Abdulxoliq G’ijduvoniy» asarining 1717 yilda ko’chirilgan nusxasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. 9 yoshida Qur’onni yod olgan. 10 yoshidan boshlab, darvishlarning zikrlarida faol ishtirok etgan. Buxorolik ilk ustozi Imom Sadriddindan tafsir ilmini o’rganadi. 22 yoshida Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, uning muridiga aylanadi. O’zini ibodatu riyozatga mashg’ul tutib, butun hayoti davomida 5 asar bitadi. Bulardan «Maqomoti Xoja Yusuf Hamadoniy» («Xoja Yusuf Hamadoniy fazilatlari») asarida ustozining tarjimai holi va uning ta’limoti yoritiladi. Abduxoliq G’ijduvoniy Yusuf Hamadoniy ta’limotini har tomonlama boyitib, amaliyotga zikri xufiyani olib kirdi hamda xojagonlik tariqatining 8 ta rashha (qonun-qoida) sini shakllantirib berdi. Abduxoliq G’ijduvoniy ta’limoti keyingi davr yirik sufiylari tomonidan o’rganilgan va sharh qilingan. Masalan, «Maxdumi A’zam» laqabi bilan mashhur bo’lgan Ahmad ibn Mavlono Jaloluddin Xojagiy Kosoniy Abduxoliq G’ijduvoniyning 4 vasiyatini «Risolai chahor kalima» («To’rt so’z haqida risola») asarida sharhlagan. Abduxoliq G’ijduvoniy tasavvufga oid ta’limotining asosiy qismi Abdurahmon Jomiyning ustozi Mavlono Sa’duddin Koshg’ariy (1456 yil vafot etgan) ning «Risola» asarida bayon etilgan. Abduxoliq G’ijduvoniy qabri G’ijduvon shahrida.