ABLYATSIYA

ABLYATSIYA (qadimiy lotincha ablatio — olib ketmoq) — 1) qaynoq gaz oqimining qattiq jism sirtidan moddalarni sidirib ketishi (eroziya, sublimasiya, erish tufayli). Kosmik apparatlar va eltuvchi raketalarning bosh qismlari atm.ga kirganda ularni himoya qilish tadbiri, shuningdek raketa dvigatellari kameralarining sovitilishi Ablyatsiyaga asoslanadi; 2) muzlik yoki qor qoplamining erishi, buglanishi yoki mexanik parchalanishi (shamol uchirishi, aysberglarga ajralishi va hokazo) natijasida massasining kamayishi. Asosan iqlimiy omillarga bog’liq. Namoyon bo’lishiga qarab Ablyatsiyaning 3 ta turi farq qilinadi: muz osti, ichki va yuza Ablyatsiya. Muz osti Ablyatsiyani yerning ichki issiqligi muz ostiga chiqishidan, ichki Ablyatsiya muzning ishqalanishi, suv va havo tsirkulyasiyasi natijasida, yuza Ablyatsiya esa asosan quyosh radiasiyasidan vujudga keladi. «Ablyatsiya» atamasi ba’zan «yuza qatlamning yuvilishi» sinonimi sifatida ishlatiladi.