ABRAZIYA
ABRAZIYA (lotincha abrasio — qirish) — biror a’zo bo’shlig’idagi massani uning ichki devori bilan birga qirib olib tashlash; masalan, bachadon shilliq qavatini qirish; Abraziya abort chog’ida bachadonda homila bo’laklari qolganda, plasentar polip tufayli qon ketganda, tug’rukdan so’ng yo’ldosh yoki homila pardasi bo’laklari qolganda qo’l bilan tozalash imkoniyati bo’lmagan hollarda qo’llaniladi. Tanosil a’zolari yallig’langanda, bachadon fibromiomasida, bachadondan tashqari homiladorlikda, isitma bilan kechadigan abortda Abraziya qilinmaydi.
ABRAZIYA (geologiyada) — to’lqin ta’sirida dengiz, ko’l va yirik suv omborlari qirg’og’ining yemirilishi va tekislanishi. Yemirilishdan paydo bo’lgan jinslar suv bilan yuvilib dengiz tubiga cho’kadi. Abraziya tezligi qirg’oqning geologik tuzilishi hamda to’lqin kuchiga bog’liq. Abraziya natijasida abrazion terrasa paydo bo’ladi. Abrazion Terrasaning kengayishi natijasida Abraziya asta-sekin so’nadi.