ABULFIDO

ABULFIDO Imoduddin Ismoil ibn Ali al-Ayyubiy (1273, Damashq—1331, Hamo, Suriya) — Arab qomusiy olimi. Mamluk sultonlarining kichik Osiyoga qilgan yurishlarida (1301, 1315) qatnashadi va o’sha yillari o’zining mashhur tarixiy asari «Al-muxtasar Fi tarix al-Bashar» («Bashariyatning qisqacha tarixi») ning asosiy qismini yozadi va uni sekin-asta to’ldirib boradi. 1320 yil Hamo amirligi (Suriya)ga hokim qilib tayinlanadi va Malik al-Muayyad («Xudo madad bergan podsho») laqabini oladi. Abulfido falakiyot, tibbiyot, tarix, botanika, geografiya kabi bir qancha fanlar sohasida yetuk olim bo’lgan. «Taqvim ulbuldon» («Mamlakatlar taqvimi», 1321) asarining 1 – qismida yerning bo’linishi, ekvator, yetti iqlim haqida umumiy tushuncha beriladi, dengiz, ko’l, daryo va tog’lar tasvirlanadi. 2 – qismida yer yuzi mamlakatlari, jumladan Xorazm va Movarounnahr haqida ma’lumotlar beriladi. Ushbu asarini Abulfido umrining oxirigacha to’latib borgan. Geografik «Almuxtasar Fi tarix al-Bashar» («Bashariyatning qisqacha tarixi») kitobi 4 jilddan iborat bo’lib, «Tarixi Abulfido» nomi bilan ham ma’lumdir. Asardagi voqea 1329 yilgacha bo’lgan davrni o’z ichiga olib, Ibn al Asirning «Al-Komil Fit-tarix» («Tarix xususida mukammal kitob») kitobining davomi hisoblanadi. Abulfido fiqh ilmiga oid «Al-Hoviy» («To’plam») asarini yozgan.