ACHCHIQBUTA
ACHCHIQBUTA (Ammothamnus lemannii) — burchokdoshlar oilasiga mansub buta. Bo’yi 50 — 100 santimetr. Barglari toq patsimon, uzunligi 10 — 19 santimetr, qalin tuk bilan qoplangan. Gullari oq bo’lib, uzun shingilda joylashgan. Dukkagi 1 — 4 urug’li, spiralsimon. Urug’i tuxumsimon, silliq, bo’yi 4, eni 3,5 millimetr. Achchiqbuta aprel-mayda gullab, may-iyunda urug’laydi. Achchiqbuta Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridagi qumlarda va shag’alli yerlarda o’sadi. Achchiqbutaning tarkibida 0,5— 1,12% alkaloid bor. Ildizida 12 — 14%, tanasida 3 -5% va ildiz po’stila 27 — 30% bo’yoq modda bo’ladi. Achchiqbutaning ildiz qaynatmasi xalq tabobatida bodga qarshi ishlatiladi.