ADSORBTSIYA

ADSORBTSIYA — qattiq yoki suyuq moddalar (adsorbentlar) sirtiga suyuq yoki gaz holidagi modda (adsorbat) larning kontsentrlanishi (yutilishi). Adsorbtsiya adsorbent sirtidagi molekulalararo kuch ta’sirida sodir bo’ladi. Adsorbat molekulalari adsorbent sirtiga yaqinlashib, unga tortiladi va adsorbatning bir (mono-), ikki (bi-) va hokazo ko’p (poli-) molekulali adsorbtsion qavati hosil bo’ladi. Adsorbatning adsorbtsion qavatdagi kontsentrasiyasi ma’lum darajaga yetganidan keyin desorbtsiya boshlanadi. Yutilgan modda adsorbtsion qavatda o’z xususiyatini saqlab qolsa, fizik Adsorbtsiya, o’zgarsa, ya’ni adsorbent bilan kimyoviy biriksa, kimyoviy Adsorbtsiya deyiladi. Fizik Adsorbtsiya temperatura, bosim, kontsentrasiyaga, adsorbent va adsorbatning tabiatiga, shuningdek, adsorbent tuzilishiga ham bog’liq. Adsorbtsiya hodisasi tabiatda keng tarqalgan. Yerga solingan o’g’it, avvalo tuproqqa Adsorbtsiyalanadi. O’simlik tuproqdagi ozuqani ildizi orqali Adsorbtsiya jarayoni asosida o’zlashtiradi. Adsorbtsiya gaz va suyuq aralashmalarni ajratishda, biologik jarayonda, havoni iflos gazlardan tozalashda, eritmalarni har xil qo’shilmalardan holi qilishda, ulardan erigan moddalarni ajratib olishda Adsorbtsiya dan keng foydalaniladi.