ADVOR

ADVOR (Arabcha — aylanalar, turkumlar; birligi — davr) — O’rta va yaqin Sharq musiqa nazariyasida mazmunan universal, shaklan tugal va muntazam takrorlanuvchi jarayonlarni ifodalaydigan badiiy-estetik qonuniyatlar va ilmiy-nazariy qoidalar tizimi. Advor tushunchasi O’rta Osiyo madaniyatida qadimgi davrlar (taxminan miloddan avvalgi 1-ming yillik) da vujudga keladi. Dastlab u umumiy kosmogonik mazmunga ega bo’lib, tabiat jarayonlaridagi (masalan, yil fasllarining almashuvi, muchal-burjlar va osmon jismlarining harakat doiralari va hokazo) muntazam takrorlanuvchi holatlar bilan bog’liq deb faraz etilmish badiiy-estetik qonun-qoidalarga tayanadi. Advor ilk bor Kindiy (801-879) ning musiqiy risolalarida maxsus ilmiymusiqiy atama sifatida «ritmik doiralar» ma’nosida, Forobiy asarlarida musiqa asarlarining muvaqqat-fazoviy (ritmik, shakliy) nisbatlarni, «Ixvonus-safo» (10-asr) risolalarida esa universal-estetik tushunchalarni ham ifodalovchi atama sifatida qo’llaniladi. 12-13-asrlarda Advorning ma’no doirasi yanada kengayib, unda turkum (o’n ikki maqom, navbat, amal va boshqalar), alohida ijro etiladigan musiqa asarlarining tuzuklari (parda va tovush-qatorlar tizimi) va ritmik doiralari (usul va zarblar) aks ettirilgan. Ushbu universal musiqiy ma’nolardagi Advor atamasi 13-15-asrlarda, ayniqsa, al-Urmaviyning «Kitobuladvor» («Aylanalar kitobi») asaridan keyin musiqa istilohida «maqom» atamasiga teng ma’noda muhim o’rin egallagan. Urmaviyning mazkur asari va undan keyin yozilgan boshqa risolalarida o’n ikki maqom kuy tuzuklari va usullari muayyan nisbatlar asosida o’zaro mutanosib aylanalar shaklida ifoda etilgan. O’rta asrlar musulmon Sharqi musiqa ilmida ritmik vaqt birligi hamda ushbu birliklardan tashkil etilgan ritmik tuzilma (usul)lar ham davr yoki Advor deb atalib, risolalarda aylana shaklida ifoda etilgan. Ad.: Rajabov I., Maqomlar masalasiga doir, T., 1963. Abdumannon Nazarov.