AFLOTUN XAZINASI
AFLOTUN XAZINASI – Farg’ona vodiysining shimolidagi Aflotun daryosining Itoqarsoy irmog’i yoqasida joylashgan Kalunchat qishlog’idan topilgan (1924) so’nggi jez davriga oid yodgorlik. Aflotun xazinasi ba’zan ilmiy adabiyotlarda Kalunchat xazinasi nomi bilan ham uchraydi. Aflotun xazinasi misdan ishlangan bilaguzuk, halqa, ikkita qo’ng’iroq shaklidagi zirak, bir necha munchoq va jezdan qo’yilgan 8 ta mitti odam haykalchalaridan iborat bo’lib, u avval Namangan shahri o’lkashunoslik muzeyiga topshirilgan, keyinroq esa yo’qolgan. Mitti odam haykalchalarining balandligi 2,5—2,8 santimetrdan oshmaydi. Odam shakli ancha aniq tasvirlangan bo’lib, ular tik turgan holda, qo’llarini beliga tirab, cho’qqi telpak kiyib turibdi. Ulardan faqat bittasi bosh kiyimsiz, ko’z va burunlari ancha ifodasiz tasvirlangan bo’lib, boshqa qolipda qo’yilganligidan dalolat beradi. Bu haykalchalar ishlanish uslubi va shakli jihatidan qadimgi Sharqning jez davri yodgorliklariga o’xshab ketadi. Ammo ularning cho’qqi telpak kiygan holda ishlanishi miloddan avvalgi 8-7-asrlarda Farg’ona vodiysida yashagan sak qabilalarini eslatadi. Cho’qqi telpakli mitti odamlar haykalchalari Shimoliy Eronning Hisor 3 yodgorligidan ham o’ndan oshiq topilgan bo’lib, ular miloddan avvalgi 2-ming yillikning birinchi choragiga oiddir. Aflotun xazinasidagi bilaguzuk, zirak va halqa kabi buyumlar miloddan avvalgi 13— 10-asrlarda shu hududlarda yashagan sak qabilalarining bobokalonlari — jez davri aholisining yuksak san’at asarlari yarata olganlaridan dalolat beradi. Ad.:3adneprovskiy Yu. A., Drevnezem-ledelcheskaya kultura Fergano’, M., 1962.