AFRIKA QO’NOG’I
AFRIKA QO’NOG’I (Pennisetum tuphoidum) — bir yillik don va yem-xashak ekini. Tashqi ko’rinishidan makkajo’xori va sorgo (oqjo’xori, Qo’qon jo’xori) ga o’xshaydi. Osiyo, Afrika, qisman Janubiy Yevropaning quruq iqlimli zonalarida yetishtiriladi. Doni oziq-ovqatga va hayvonlarga yem uchun ishlatiladi. Bargi va poyasidan ko’k ozuqa va pichan tayyorlanadi. 100 kilogramm donida 89 ozuqa birligi, 10 kilogramm hazm bo’ladigan protein, 100 kilogramm pichanida 50 ozuqa birligi va 8,2 kilogramm hazm bo’ladigan protein bor. Afrika qo’nog’i issiqsevar, yorug’sevar va qurg’oqchilikka chidamli. Qumloq va qo’ng’ir tuproqlarda yaxshi rivojlanadi. 1 gektar yerga 5-10 kilogramm urug’lik sarflanadi, urug’lar 5-6 santimetr chuqurlikka ekiladi. Hosildorligi ko’k massa bo’yicha 80— 500 tsentner/gektar, sug’oriladigan maydonlarda 800-1000 tsentner/gektar, don bo’yicha 11-40 tsentner/gektar. O’zbekiston o’simlikshunoslik ilmiy tadqiqot institutida Afrika qo’nog’ini O’zbekiston sharoitlarida o’stirish tavsiyalari ishlab chiqilgan.