AGROELEKTRONIKA
AGROELEKTRONIKA – agroaxborotlarni to’plash va qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini boshqarishga oid elektronika bilimlari va vositalari majmui. Asosiy vazifalari: qishloq xo’jalik boshqaruvi va hisob-kitob ishlarini kompyuter zanjirlari orqali tahlil etish; tuproqning mexaniq fizik-kimyoviy parametrlarini tezkor usullarda aniqlash va ulardan amalda foydalanish; issiqxonalar, omborlar, chorvachilik ishlari va dehqonchilik mahsuloti ishlab chiqarish texnologiyasini mikroelektron asboblar yordamida boshqarish; maxsus Agroelektronika qurilmalarini loyihalash va yaratish, ulardan Agronomiya ishlarida kengroq foydalanish; avtomatlashgan maxsus ilmiy-texnik agroaxborot markazlarini tashkil etish va ularga xizmat ko’rsatish; qishloq xo’jalik mahsulotlarining sifat ko’rsatkichlarini aniqlash va tahlil qilishning tezkor usullarini yaratish; qishloq xo’jalik ekologiyasiga oid ishlarni o’rganishning elektron usullarini yaratish va boshqalar. Asosiy maqsadi — qishloq xo’jalikni elektronlashtirish tizimlarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish. Agroelektronika mikroelektronikaning yutuqlari asosida rivojlanib, dehqonchilik ishlarini kengaytirish va hosildorlikni boshqarishda qo’llanilmoqda. Turli mikroelektron datchiklar, elektron boshqaruv tizimlari, kompyuterlar va maxsus elektron qurilmalar Agroelektronikaning texnikaviy asosini tashkil etadi. Rivojlangan mamlakatlarda Agroelektronika qurilmalari qishloq xo’jalik ishlab chiqarishida keng qo’llaniladi. Hozirgi vaqtda Agroelektronika asbobsozligiga to’la asos yaratilgan, turli mikroelektron o’lchov asboblari, uzoqdan turib boshqarishning yirik elektron tizimlari, qishloq xo’jaligiga oid ilmiy-texnika axborotlarini to’plash, saqlash va ishlov berishga doir kompyuterlashtirilgan murakkab tizimlar yaratilgan bo’lib, hosildorlikni oshirishda, sug’orish tizimlarini takomillashtirishda va boshqa iqtisodiy masalalarni hal etishda ijobiy rol o’ynamoqda. Biroq O’zbekistonda ommaviy tarzda qo’llanilganicha yo’q. Bionika qurilmalarining yaratilishi natijasida Agroelektronika istiqbolda yanada rivojlanadi va hosildorlikni oldindan boshqarish va oshirish texnologiyasi yaratiladi. Bionikaga asoslangan Agroelektronika kelajak fanidir.