AGROKIMYO
AGROKIMYO, agronomik kimyo — tuproq va o’simliklardagi kimyoviy jarayonlar, o’simliklarning mineral oziqlanishi, o’g’itlar va tuproqni kimyoviy meliorasiyalash vositalarini qo’llash to’g’risidagi fan. Agrokimyo qishloq xo’jaligini kimyolashtirishning ilmiy asosini tashkil etadi. Agrokimyo o’simlik, tuproq va o’g’itlar o’rtasidagi munosabatni, dala sharoitida o’simliklar oziqlanishini o’rganadi, o’simliklarning oziqlanishiga eng qulay sharoit yaratish, tuproq va o’g’itlar tarkibidagi oziq moddalarning o’zlashtirilish koeffitsenti oshirish maqsadida ushbu sharoitlarni o’zgartirish yo’llarini, shuningdek, hosildorlikni oshirishning boshqa vositalari — pestisidlar, o’sish stimulyatorlarini qo’llash, tuproq unumdorligini yaxshilash va hosildorligini oshirish maqsadida kimyoviy melioratsiya vositalarini qidirib topadi. Agrokimyo fani tuproqshunoslik, dehqonchilik, o’simliklar fiziologiyasi va biokimyosi, qishloq xo’jalik mikrobiologiyasi, kimyo va fizika fanlari bilan bevosita bog’langan. Agrokimyoda nazariy va amaliy masalalarni o’rganish uchun har xil tadqiqot usullari qo’llaniladi. Bularga o’simlik, tuproq va o’g’itlarni laboratoriyada kimyoviy, fizik-kimyoviy tahlil qilish; o’simliklarda vegetatsion tajriba (vegetatsion uychalarda va issiqxonalarda) o’tkazish; har xil tuproq-iqlim sharoitlarida o’g’itlar bilan dala tajribalari (o’g’itlarning geografik mintaqalardagi tajribalari) olib borish; xo’jaliklarda ishlab chiqarish tajribalari o’tkazib, olingan natijalarga iqtisodiy baho berish ishlari kiradi. Agrokimyoda o’simlik asosiy tadqiqot ob’yekti hisoblanadi. O’simliklar oziqlanishini o’rganish va o’g’itlar vositasida uni izga solish usullarini ishlab chiqishda har bir o’simlik (ekin)ning biologik va agrotexnik xususiyatlari hisobga olinadi. Agrokimyo tuproqshunoslik va tuproq mikrobiologiyasi bilan bog’liq bo’lganligi uchun unda tuproq ham o’rganilishi kerak. Agrokimyo tuproq tarkibidagi oziq moddalarning umumiy miqdorini, ularning o’simliklarga o’tish xususiyatini, o’g’itlarning o’zgarish jarayonlarini va tuproq xossasiga ta’sirini hamda o’g’itlarni ishlatish me’yorini va nisbatini, ularni turli xil ekinlarga solishning ratsional muddatlari va usullarini, o’g’itlarni qo’llashning tuproqni ishlash tizimlari, almashib ekish, sug’orish tartiboti va boshqalar bilan to’g’ri qo’shib olib borishni o’rganadi. Agrokimyo o’simliklarning oziqlanishini o’rganishi tufayli o’simliklar fiziologiyasi va biokimyosi bilan bog’langan. O’g’itlarni bir shakldan ikkinchi shaklga o’tishi tuproqning xususiyatlariga, tuproqshunoslar, kimyogarlar va mikrobiologlar o’rganadigan kimyoviy va mikrobiologik jarayonlarga bog’liq. Agrokimyo fan sifatida 19-asrning 40-yillarida shakllandi. Uning shakllanishida nemis kimyogari Yu. Libix (1803-73) ning o’simliklarning mineral oziqlanishi haqidagi ta’limoti muhim ahamiyatga ega bo’ldi. O’zbekistonda, garchi dehqonchilikda go’ng, kul, loyqa, qum, paxsa kesaklaridan o’g’it sifatida qadimdan foydalanib kelingan bo’lsada, Agrokimyo fani tarixi 20-asrdan boshlanadi. Birinchi agrokimyoviy tajribalarda ekinlarda o’g’itlarni qo’llash masalalari R. R. Shreder, M. M., Bushuyev, I. K. Negodnoe tomonidan o’rganilgan (1906 — 28 yillarda 121 tajriba o’tkazilgan). Respublikada Agrokimyo fanini rivojlantirishda O’zbekiston paxtachilik instituti, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tuproqshunoslik va agrokimyo instituti (1977) katta rol o’ynadi. Agrokimyo rivojlanishi bilan respublikada mineral o’g’itlar sanoati taraqqiy etdi. Respublikada Agrokimyo fanini rivojlantirishda B. M. Isayev, M. A. Belousov, N. N. Zelenin, T. S. Zokirov, B. P. Machigin, I. N. Niyozaliev, P. V. Protasov, T. P. Piroxunov, G. I. Yarovenko va boshqalarning ishlari muhim ahamiyatga ega. O’zbekistonda Tuproqshunoslik va agrokimyo institutda, qishloq xo’jaligi oliy o’quv yurtlaridagi Agrokimyo kafedralarida Agrokimyo masalalarini o’rganish bo’yicha tadqiqot ishlari olib boriladi. Ad.: Protasov P. V., Niyozaliev I. N.,Toirov T. 3., Paxtachilikdaagroximiya, T., 1981; Zokirov T. S, Pochvenno-agroximicheskiye Osnovi xlopkovodstva, T., 1987. I. N. Niyozaliev, T. Z. Toirov.