AJZIY

AJZIY (taxallusi; asl ismi Saidahmad Hasanxo’ja o’g’li Siddiqiy) (1864 — Samarqand — 1927) — ma’rifatparvar shoir, tarjimon. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi (1926). Samarqand, Buxoro madrasalarida o’qigan. Arab, Fors, Ozarbayjon tillarini mukammal bilgan. Keyinroq rus tilini ham o’rgangan. 1901-03 yillarda Kavkaz, bir qator Arab mamlakatlari va Rossiyaga sayohat qilgan. Jiddada ma’lum muddat rus elchixonasida tarjimon bo’lgan. Samarqandga qaytgach, shahar yaqinidagi Halvoyi qishlog’ida yangi usuldagi maktab ochib, o’qituvchilik qilgan. L. Tolstoy hikoyalarini, Krilov masallarini, Gogolning «Shinel» povestini o’zbek va tojik tillariga tarjima qilgan (1908— 10). Darslik yozib, tarjimalaridan namunalar kiritgan. Ajziy 80-yillardan she’r yoza boshlagan. «Ayn uladab» («Odob chashmasi», 1916), «Ganjinai hikmat» («Hikmat xazinasi», 1914) kabi-she’riy to’plamlari, «Mir’oti ibrat» («Ibrat oynasi», 1914), «Anjumani arvoh» («Arvohlar yig’ini», 1912) dostonlari nashr qilindi. «Mir’oti ibrat»da Turkistonning o’sha davrdagi fojiali ahvoli va undan qutulish choralari haqida bahs yuritgan. Ilmfan, davlat, til, qonun — bularsiz hech bir millatning istiqboli yo’q, bu to’rt narsani qo’lga kiritmagan millat halokatga mahkumdir, deydi. «Anjumani arvoh»da esa xonlikdagi turg’unlik tanqid qilingan. She’rlari chuqur falsafiy mazmuni, ijtimoiy siyosiy mushohadalari, Fuzuliy va Bedilona uslubi bilan ajralib turadi. U milliy uyg’onish davrining barcha shoirlari singari keng ommani ma’rifatga boshlash, haq-huquqini anglatishni adabiyotning bosh mavzui deb bildi. Ajziy 1917 yil Fevral inqilobidan keyin ijtimoiy harakatda bevosita ishtirok etdi. 1918-21 yilda viloyat Adliya komissari lavozimida ishladi. 1922 yildan yana o’qituvchilikka qaytgan. Samarqandda o’zbek va tojik tillaridagi «Mashrab», «Mulla Mushfiqiy» kabi hajviy jurnallarni, «Zarafshon» gazetasini chiqarishda faol ishtirok etgan. «Mayna», «Ginagina», «Shashpar», «Tir», «Gumnom», «Olmos» imzolari bilan hajviy asarlar yozgan. Ularda sho’ro tuzumida yuz berayotgan o’zgarishlarni xushlamaslik, kelajakdan xavotirlanish kayfiyatlari seziladi. 1903 yilda Halvoyi qishlog’ida shoirning o’zi qurdirgan maktab hali ham bor, hozir uning nomida. As: Siddiqiy — Ajziy, Tanlangan asarlar, T., 1973. Ad.: Qosimov B., Maslakdoshlar, T., 1994.