AKRAMOV

AKRAMOV Ziyovuddin muhiddinovich (1923, Toshkent) — iqtisodchi geograf. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1983), geografiya fanlari Doktori (1962), Mirzo Ulug’bek nomidagi Toshkent davlat universiteti kafedra mudiri (1970-84), professor (1966-98). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidiumi qoshidagi Geografiya ilmiy tadqiqot bo’limi (hozirgi Seysmologiya instituti tarkibida) tashkilotchilaridan biri va rahbari (1958— 70). Ilmiy faoliyati, asosan, O’rta Osiyo iqtisodiy geografiyasining regional kompleks taraqqiyoti muammolarini, qishloq xo’jaligi geografiyasi va shaharlarni tadqiq etishga bag’ishlangan. Akramov 1954 yildan O’zbekiston Geografiya jamiyati prezidenti o’rinbosari, 1990 yildan prezidenti. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1977).

AKRAMOV Rustam Akramovich (1948.11.8, Toshkent viloyati, Yangibozor shaharchasi) — futbolchilar murabbiysi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan sport ustozi (1994). «Politotdel», ask (Toshkent), «Paxtakor» futbol jamoalarida o’ynagan (1967-73). Ask (Toshkent), MASK (Moskva) bolalar jamoalari murabbiysi (1974-76), O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti futbol kafedrasi mudiri (1978-87), dotsent (1984). Jazoirning «Yusma» jamoasi (1988-92), «Paxtakor» (1994) va O’zbekiston milliy futbol terma jamoalari bosh murabbiysi (1992-95). Uning rahbarligida O’zbekiston futbol terma jamoasi 12- Osiyo o’yinlarida qit’a chempioni bo’ldi. (1994, Xirosima). Akramov Jahon futbol federatsiyasi — FIFA murabbiylar akademiyasini bitirgach (1994), Hindiston milliy va Olimpiya terma jamoalarining bosh murabbiysi (1995-96). Osiyo futbol konfederatsiyasining texnik direktori (1998 yildan). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1994).