AKROPOL

Qadimgi yunon shaharlarining har birida eng baland tepalik ustiga qurilgan va atrofi qalin devor bilan o’ralgan qal’a — akropol bo’lgan. Afina shahridagi Akropol ularning eng mashhuri hisoblanadi. Uning mudofaa devorlari miloddan avvalgi 2- ming yillikda qurilgan. Keyingi davrlarda qurilgan inshootlarni tarkibiga kiritgan Afina Akropoli majmuasi miloddan avvalgi 5-asrda tugallandi. Akropolga Propileylar (maxsus qurilgan kirish xonalari) orqali o’tilgan. U yerda Pinakoteka — san’at asarlari muzeyi joylashgan. Akropolning o’rtasida, Propiley qarshisida, qo’lida nayza tutgan, temir qalpoqli Afina – donolik ma’budasining ulkan bronza haykali qad ko’targan. U hushyorlik va salobat bilan atrofga nazar tashlab turgandek tuyuladi. Haykalning orqasida o’ng tomonda Afina sharafiga qurilgan marmar ustunli ko’rkam Parfenon ibodatxonasi bo’lgan. Ibodatxona peshtoqining old tomonidagi uchburchak qismi turli haykallar bilan bezalgan. Bir tomonda Afinaning dengiz xudosi Poseydon bilan shaharga kim hukm ron bo’lishi to’g’risidagi bahsi aks etgan. Rivoyatlarga ko’ra, Poseydon uch tishli nayzani qoyaga otganida nayza tekkan toshlar orasidan buloqlar otilib chiqqan. Afina nayza otganida, nayza tushgan joyidan zaytun daraxti o’sib chiqqan. Afinaning sovg’asi foydaliroq deb topilgani uchun, u shahar homiysi bo’libdi. Ustunlar ortida Parfenon devorlariga Afina bayrami kunida afinaliklarning Akropol tomon tantanali yurishi aks ettirilgan bo’rtma tasvirlar tushirilgan. Yunonlar ham madan ham Afinaning Parfenon ichidagi haykali bilan ko’proq faxrlanishgan. Ma’budaning yuzi va qo’llari fil suyagidan, kiyimi va sochlari sof oltindan yasalgan.