ALAM
ALAM (Arabcha — alomat, belgi, nishona) — 1) yalov, tug’ (bayroq); 2) aziz-avliyolar mozorida, qadamjolarida o’sgan daraxtlarga osiladigan har xil (ko’pincha oq) lattalar. O’ldirilgan kishilar qabrida tayoqqa osilgan latta ham Alam deyiladi. Alam joy nomlari tarkibida ko’p uchraydi (Alamlisoy, Xo’jaalambardor va boshqalar); 3) Eronda har yili o’tkaziladigan bayram. Dindorlar e’tiqodiga ko’ra, avliyo Imom Rizo besh o’g’li bilan haj qilish uchun Makkaga ketayotganda yo’lda qaroqchilar ularni o’ldiradilar. Har yili xalq shu kunni xotirlash maqsadida Alam — rasm tushirilgan bayroq ko’tarib ko’chaga chiqadi. Mis yoki birinj (bronza) dan qo’yilgan besh panjali (besh avliyoni ifodalovchi) Alam shu marosim asosida paydo bo’lgan; 4) naqqoshlar madoxilsimon naqsh ijod qilib, uni Alam deb nomlaganlar. Buxoroda birinchi bo’lib naqqosh Mirhamid mis laganlarga Alamni zarb qilgan.