ALEKSANDRIYA ESXATA
ALEKSANDRIYA ESXATA, chekka Iskandariya — Aleksandriya yurishlari davrida istilo qilingan mamlakatlarda qurdirgan 70 dan ortiq shahardan biri. Hozirgi Xo’jand shahri o’rnida bo’lgan. Arrian va Kvint Kursiy Rufning yozishicha, Aleksandr Marokandani zabt etgach, Tanais (Sirdaryo) bo’yiga kelib, qo’shiniga dam beradi. Shunda u qo’shin joylashgan yer atrofini devor (uzunligi 60 stadiy, 1 stadiy — 176,6 metr) bilan o’rab bir shahar qurishni amr qiladi. Chunki bu shahar uning skif (sak)larga qarshi urushlarida mudofaa uchun zarur edi. Shahar shu qadar tez bunyod etiladiki, hatto 17 (yoki 20) kun deganda mudofaa inshootlari va turar joylar ham qurib bitkaziladi. Aleksandr bu shaharni ham o’z nomi bilan atashni buyurib, unga ellin asirlari va urushga yaroqsiz bo’lib qolgan makedon askarlarini joylashtiradi. So’ng o’z odatiga binoan tangrilarga qurbonliklar qilib, katta tantana uyushtiradi.