ALIKANTE
ALIKANTE — Ispaniyadagi shahar va port, O’rta dengiz sohilidagi kurort. Alikante provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 261 ming kishi (1991). Yog’-moy, tamaki, kimyo, metallsozlik, tsement, to’qimachilik sanoati korxonalari bor. Chetga vino va meva-sabzavot mahsulotlari chiqariladi. Alikante qadimda rimliklar qishlog’i bo’lgan. Arablar hukmronligi davrida al-Lukant deb atalgan. 1490 yilda shahar maqomini olgan. Me’moriy yodgorliklardan o’rta asrda qurilgan Santa-Barbara qasri, ratusha binosi (17-18-asrlar) va San-Nikolas de Bari (17-asr) cherkovi saqlangan.