ALIYEVA IRODA MIRZAXONOVNA

ALIYEVA IRODA MIRZAXONOVNA (1929.17.12 – Toshkent – 1989.7.7) -O’zbekiston xalq artisti (1967). Toshkent san’at institutini bitirib (1951), Hamza nomidagi O’zbek davlat akademik drama teatrida ishladi (1951— 72), 1972-89 yillar «O’zbekfilm» kinostudiyasida aktrisa. Nasiba («Og’riqtishlar»), Muqaddas («Chin muhabbat»), Shirin («Bir sevgi afsonasi»), Guzin («Turkiya haqida hikoya»), Kamola (R. Tagorning «Halokat» romani asosida yaratilgan instsenirovka — «Gang daryosining qizi»), Maryam («Jazoir, mening Vatanim»), Asal («Sarvqomat dilbarim»), Nazokat («Parvona») rollarida Aliyeva muvaffaqiyat qozondi va lirik rollar ijrochisi sifatida tanildi. Yuksak texnika, mukammal sahna nutqiga ega bo’lgan Aliyeva qahramonlarining dunyoqarashi va ichki kechinmasini o’ziga xos sharqona xususiyat, nazokat bilan ifodalashga erishgan. Kinoaktyor teatr-studiyasida Nina (A. Kason, «Yetti faryod», 1973), Enaga (A. Korneychuk, «Platon Krechet», 1974) va boshqa rollarni ijro etdi. Kinoda: «Akmal, ajdaho va Malika» (1980), «Akmalning yangi sarguzashtlari» (1983) filmlarida yalmog’iz kampir obrazini yaratdi.