ALKALOIDLAR

ALKALOIDLAR — o’simliklarda, kamdan-kam hollarda hayvonot organizmida uchraydigan va asos xossasiga ega bo’lgan azotli organik birikmalar. Shular jumlasidan morfinni birinchi marta (1806) nemis aptekari Sertyurner ko’knori shirasi (afyun)dan ajratib oddi. Shundan keyin olimlar o’simliklar tanasida neytral va kislota xossasiga ega bo’lgan kimyoviy birikmalargina emas, balki asos xossasiga ega bo’lgan moddalar ham mavjud degan xulosaga keldilar. 19-asrda strixnin, xinin, kofein, atropin, efedrin va boshqalar ajratib olindi. 20-asrning 60-yillarda 1000 dan ziyod tabiiy va sun’iy yo’l bilan olingan Alkaloidlar ma’lum edi. Alkaloidlar o’simliklar hayotini boshqarib turadigan faol moddalardir. Aksariyat Alkaloidlar rangsiz kristall moddalar bo’lib, kimyoviy tabiatiga ko’ra halqasida azot atomlari bo’lgan geterosiklik birikmalar hisoblanadi. Oddiy Alkaloidlar tarkibida 10 ga yaqin, murakkablarida 50 dan ziyod uglerod atomlari buladi. Alkaloidlar sulfat, xlorid, salisilat, oksalat va boshqa kislotalar bilan kristall tuzlar hosil qiladi; bu jarayondan ularni tozalash va olishda foydalaniladi. Alkaloidlar ga ishqoriy xossa beradigan element azotdir. Alkaloidlar sohasida O’zbekiston olimlaridan akademiklar S. Yu. Yunusov va O. S. Sodiqovning o’z shogirdlari bilan bu soxada qilgan ishlari ancha salmoqlidir. S. Yu. Yunusov kashf etgan qonuniyatga ko’ra, Alkaloidlar erta bahorda o’simlikning yer usti qismlariga, kuz faslida bir yillik o’simliklarning urug’iga, ko’p yillik o’simliklarning esa piyozi, ildizi va urug’iga miqdor jihatidan eng ko’p yig’iladi. 1943-93 yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi o’simlik moddalari kimyosi institutida S. Yu. Yunusov rahbarligida 29 oilaga mansub 266 o’simlik turi o’rganilib, ulardan 913 alkaloid ajratib olindi. Turli guruhlarga kiruvchi 518 yangi alkaloidning tuzilishi aniqlandi. Tsitizin, galantamin, likorin kabi preparatlarning ishlab chiqarish texnologiyasi ko’rsatib berildi, xolinesterazaga qarshi dezoksipeganin gidroxlorid preparati Toshkent kimyo farmasevtika zavodida ishlab chiqarila boshlandi. Aritmiyaga qarshi diterpin alkaloidi asosida preparatlar olishning yangi yo’nalishlari ochildi. Bu preparatlardan allapinin tibbiyot amaliyotida qo’llana boshladi. Tibbiyot-biologiya tadqiqotlari uchun bir qator bioreaktiv preparatlar (bibikulin, akonitin, geliotrin, imperialin) olishga muvaffaq bo’lindi. Ayni vaqtda yana bir yangi yo’nalish — zaharli zamburug’lardan alkaloidlar ajratib olish ustida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Tibbiyotda turli kasalliklarni davolashda yuzdan ortiq Alkaloidlar (morfin, kodein, kofein, efedrin, strixnin, kolxamin, atropin, kokain, galantamin, tsitizin va hokazolar) qo’llanilmoqda. Alkaloidlar ning ba’zilari (masalan, anabazin va nikotin sulfat) qishloq xo’jaligida insektisid sifatida ishlatiladi. Kashandalik va bangilikning «sababchisi» ham Alkaloidlardir. Tarkibida Alkaloidlar bo’lgan begona o’simliklarning ba’zilari (masalan, kukmaraz va kampirchopon) g’alla ekinlari orasida o’sadi, don bu o’simliklar urug’idan tozalanmay iste’mol qilinsa, odam va hayvonlar og’ir kasalliklarga chalinishi mumkin. Ad:. Orexov A. P., Ximiya alkaloidov, M., 1955; Itogi issledovaniya alkaloidonosnix rasteniy, T., 1993.