Girl in a jacket
Girl in a jacket
Girl in a jacket

Amir Temur tomonidan vatan mustaqilligini tiklanishi

Sarbadorlar tomonidan Ilyosxo’janing qo’shinlarini tor-mor etilishi ozodlik kurashini jadallashtirdi. Bu vaqtga kelib Amir Temurning mamlakatdagi mavqei yuqori darajaga ko’tarilib, mo’g’ul hukmdorlarini talvasaga solib qo’ygan edi. Ayniqsa uning o’lkada yakkahokimlik uchun kurashayotgan Amir Husayn bilan aloqasi qizg’in tus oldi. Endilikda taxt uchun kurash asosan o’sha ikki amirlar o’rtasida avjiga minib bordi. Ayniqsa Amir Husayn Sohibqironning mamlakatdagi obro’si va salohiyati oshganligini anglab qanday bo’lmasin unga ziyon yetkazish uchun hech narsadan toymadi. Chunonchi, 1366 yilda Amir Husayn Amir Temurnign eng yaqin amirlarining mol-mulkiga ko’z olaytirib kuch-qudratini namoyish etmoqchi bo’ladi. Sharafuddin Ali Yazdiyning soziga qaraganda u chegarasi yo’q ochko’z va molparast bo’lgan. “Amir Husaynda, – deydi u, – omadsizlik va baxtsizlikning belgilari tobora quloch yozib borardi. Chunonchi, mag’rur podshohlar sha’nia loyiq bo’lmagan xirs va baxillik, vahshiylik va ochko’zlik uning vujudini qamrab oldi, hamda mol-dunyo yig’ish va zahira to’plashga mukkasi bilan sho’ng’ib ketdi. Ahvol shu darajaga yetdiki, hazrat Sohibqiron amirlari va mulozmlari (moliga ham) ta’ma ko’zini tikdi. Ya’ni, Amri Joku, Amir Sayfiddin, Oqbugo, Elchi-bahodir Davlatshoh baxshi nomiga anchagina (to’lov) mablag’ini belgilab, uni undirib olish uchun soliq yig’uvchi tayinladi. Biroq, ular yaqinda (Toshkentdagi) “loy jangi” voqeasini boshidan kechirganliklari va mol zahiraning ko’p qismi talon-taroj bo’lib ketganligi uchun u ta’ma qopini to’ldirish uchun mo’ljallangan mablag’ni butkul yig’ib berishga imkoniyatsiz edilar.

Hazrat Sohibqironning xusravona himmatiyo yordam qo’lini cho’zmoqqa taqozo etdi va oltinu kumushdan iborat katta (miqdordagi) mablag’ni, jumladan Mahdi A’lo Uljoy Turkan og’oning bilaguzuk va isirg’asini ham, ularning to’lov mablag’i hisobiga berib yubordi. Amir Husayn uni ko’rib, o’zining singlisiniki ekanligini tanidi. Ammo ochko’zlik xirsi shu darajada yomon bo’lib ketgan ediki, hatto aka-singllik qadr-qimmatini ham ko’zga ilmadi va ularni olishdan hayiqmadi”.

Bu xujjat shu haqda guvohlik beradiki, ikki amirning dunyoqarashi va odob-axloqida osmon bilan yerchalik farq mavjud. Amir Husayndagi noinsoflik va ochko’zlik bobosi Chingizxonning qonidan o’tgan illat edi. U o’zining shum niyatlarini niqoblash maqsadida Amir Temur bilan bir necha marotaba do’stlik va hamkorlik ahdnomasini tuzdi. Hatto u Qur’oni karimni o’rtaga qo’yib o’zining chinakam do’stligini izhor etdi. Ammo “oyni etak bilan yopib” bo’lmaydi, deyilganidek uning dushmanligi borgan sari yuzga chiqib boraverdi. “Amir Husayn, – deb yozadi Sohibqiron, saltanatim azimati va shon-shavkatini kuchaytirganligini ko’rgach, unda hasad tomirlari ura boshladi. Qasam bilan qilgan ahd-paymonlarini buzib, menga isyon tug’ini ko’tardi. Mening uning oldiga ko’p marta (lutf-marhamatlar ko’rsatib) bordim, u bo’lsa aslo qoshimga kelmadi. Buning ustiga sirtdan takalluflar bildirib, aslida xiyla-nayrang ishlatib, mendan Qarshi qal’asini olib qo’ydi. Qarshi qal’asini qo’riqlab turish uchun qo’rg’onboshi amir Muso boshchiligida yetti ming otliq askar tayinladi. Keyinroq u yerga yana qo’shimcha besh ming otliq askar yubordi. Bu bilan kifoyalanmay meni o’ldirmoqchi bo’ldi”. Bu yerda so’z faqat ikki salohiyatli amirlarnign tor shaxsiy manfaatlari doirasidagina ketayotgani yo’q, albatta. Aksincha ildizi muhim siyosiy masalaga borib taqaladi. Agar Amir Husayn qanday bo’lmasin mo’g’ullarning hukmronligini halokatdan qutqarishni o’ylagan bo’lsa, Sohibqiron vatan mustaqilligini tiklash uchun kurashayotgan edi. Buni yaxshi anglagan Amir Husayn, avvalam bor Qarshi qal’asini egalladi. Ma’lumki Qarshi Samarqand va umuman Movarounnahrga kiradigan darvoza sifatida muhim strategik ahamiyatga molik edi. Shuning uchun ham uni Amir Temur qo’lidan tortib olib uning rejalariga zarba bermoqchi bo’lgan. U buni yaxshi tushunib, qanday bo’lmasin uni qayta egallashga qattiq kirishdi. Bunga erishmoq uchun jonibu tikdi deyilsa aslo mubolag’a bo’lmaydi. Bu vaqtda Qarshida Amir Husaynning 12 ming kishidan iborat qo’shini bo’lgan bo’lsa Sohibqironda bor yo’g’i 243 askari bor edi. U fursatni boy bermaslik uchun mana shu juda oz askarlar bilan jang qilishga qaror qildi. Nizomiddin Ali Yazdiy uning bu jasoratiga yuksak baho berib: “Bu pahlavonlikdan ortiq darajadagi shijoat belgisi bo’lgan xatti-harakat va bahodirlikdan o’tadigan dovyuraklik nishonasi bo’lmish tadbirdir. (Amir Sohibqiron)… Omuya suvining bo’yiga yetib kelgandan so’ng, o’sha tunning o’zidayoq shaxsan o’zi qirq kishi bilan daryoga ot solib suzib o’tdilar. Biror kishi biror joyga xabar yetkazmasin, degan maqsadda Xastor qishlog’ini o’rab oldilar. U yerdan kemalar olib daryoning nariga tomoniga yubordi va lashkarning qolgan qismi kemada o’tib olishdi. O’sha zafarkirdor yurishda xos bahodirlardan Suyurg’atmish-o’g’lon, dug’lat o’mokidan Amir Dovud, u hazrat Sohibqironning opasi Qutluq Turkan-og’oni o’z nikohiga olgan edi, amir Joku barlos, amir Muayyad Orlot, Ulhazratning singlisi Shirinbek-og’o uning nikohida edi, Amir Sorbug’ay Jalayir, Husayn-bahodir, Amir Sayfuddin Nukuz, Abbos-bahodir qipchoq, Oqbug’o bahodir Nayman, Mahmudshoh Buxoriy mulozimlikda hozir edilar”.

Demak Amir Temur ikkita pochchasi va bir guruh atoqli amirlari bilan dushman egallab turgan qal’aga yashirincha kirishga harakat qilgnlar. U hozirgi Qashqadaryo viloyatinign Nishon tumanidagi Fazli (Fazd) qishlog’iga kelganlar. So’ngra Qarshi tumanining markazi Beshkent (Shirkent)ga bordilar. Shundan keyin u ikkita safdoshi bilan Qarshi qal’asining suv bilan to’ldirilgan zovuriga yaqinlashdi. Bu yerda u zovur ustiga qurilgan tarnovidan tizza bo’yi keladigan suvni kechib G’uzor tomonidagi darvozasigacha bordi. Bu yerda u devori pastroq joyni ko’rib narvonni shu yerga qo’yishni ko’rsatdi. Shundan keyin orqaga qaytdi. So’ngra askarlari bilan o’sha o’zi yurgan yo’l bo’yicha qal’aga to’satdan hujum qildi. Ular “hazrat Sohibqiron farmoni bilan burg’u (karnay) chaldilar. O’sha ondayoq sipoh bilan qal’aga yopirilib kirdilar va olomon baqiriq-chaqiriqlar qilib ul qo’rg’onni larzaga soldilar. Qarshi aholisi karnay-surnay (ovozi)dan ko’zidan uyqu o’chib, boshini hayrat tutuni qopladi va o’lkani zabt aylaguchi Sohibqironning o’qi zafar nishoniga tegdi…

Hazrat Sohibqiron shahar darvozasi muhofazasiga shaxsan o’zi boshchilik qildi va Amir Sari-Bug’o uning mulozimligida edi; Amir Dovud, Amir Muayyad, Amir Sayfiddinlarni Xuzor (G’uzor) darvozasini egallashga buyurdi; Suyurg’ Otmish-o’g’lon, Amir Abbos, Husayn bahodir, Oqbug’o va boshqa amirlarni boru va burjlarda qoldirdi. Amir Muayyad Orlot o’ttiz kishi bilan darvozadan chiqib, ul intiqom olguchi sipoh ustiga tashlandi va o’t yondiruvchi obdor qilich bilan mardliklar namoyish etdi”. Shu tariqa Amir Temur o’zining askarlari bilan qal’aning ichkarisiga o’rnashib oldilar hamda dushmanlarni tashqaridan qilingan hujumlariga zarba berib turdilar. Amir Muso boshchiligidagi yetti minglik askarlar birin-ketin mag’lubiyatga uchrab har tomonga qochishga majbur bo’ldilar. Ammo, Malik-bahodir boshchiligida besh minglik qo’shin G’uzor darvozasi tomonida turgan. Amir Temur 60 kishi bilan ularga qarshi tashlanganda vahimaga tushib qochdilar. Sharafuddin Ali Yazdiy jangga yakun yasab yozdi: “Bu Allohning cheksiz inoyati va poyonsiz marhamati erurki, bir kishi (Amir Temur)ni o’z lutfi ila sarafroz aylab, unga shu qadar quvvat va shijoat hadya etadiki, u (kishi) ikki yuz qirq uch sipoh bilan, majburiy emas, balki o’z ixtiyoricha, o’n ikki ming qonxo’r va qasoskor dushman otliqlarga qarshi chiqib jang qilmoqchi bo’ladi; yetib kelgach, ikki kecha-kunduz ichida ulardan qo’rg’onni tortib oladi, ahli ayolini asir qiladi, barchasini o’q yog’diruvchi obdor shamshir kuchi bilan tarqatib, to’zitib yubordi; o’zi esa ot solib ularni ta’qib qiladi, bahodirlarini qulatadi va asir oladi”.

Amir Temurning nihoyatda oz sonli askarlar bilan ko’p mingli dushman qo’shiniga qarshi hujum qilib tor-mor etilishi jahon tarixida uchramaydi. G’alaba shu haqda guvohlik beradiki, shaxsan Amir Temurning o’zi bir necha ming qo’shinni tor-mor etish chorasini ko’rgan edi. Bunday misli ko’rilmagan harbiy mahoratga ega bo’lgan davlat arbobi va lashkarboshi hali dunyoga kelgani yo’q. U shonli g’alabani qo’lga kiritgandan keyin butun qish bo’yi Qarshida yashadi. Keyingi vaqtlarda ham Amir Temur bilan Amir Husayn qo’shinlari o’rtasida to’qnashuvlar bo’lib turdi. U tinib-tinchimay Buxoro, Toshkent va boshqa joylarda ham dushmanga qarshi kurashni to’xtatmadi.

Umuman aytganda Amir Temur 1366-1370 yillarda Ilyosxo’ja va Amir Husaynga qarshi ikki tomonlama jang bilan mashg’ul bo’ldi. Shu orada Amir Temur birinchi navbatda Mo’g’uliston xoni Ilyosxo’jaga hal qiluvchi zarba berishni zarur hisoblab, Amir Husayn bilan yarashgan va uchrashgan vaqtlari bo’lgan. Ammo, Amir Husaynda hasadgo’ylik va ko’ra olmaslik ustun kelib qanday bo’lmasin Sohibqironni yo’qotishga harakat qilaverdi. Shuning uchun ham Amir Temur unga quyidagi she’rni yuborgan:

Yerga yetkur sabo, kim makr qilmishdir mang’o,
Qildi ersa kimga makrin, qaytadur bir kun ang’o.

Ammo Amir Husaynning Amir Temurga nisbatan dushmanchiligi tobora kuchayib bordi. Chunki Amir Temur tufayligina ozodlik kurashining uzil-kesil g’alabasi kutilmoqda edi.

“Amir Husayn, – deydi Sohibqiron, men qo’lga kiritgan g’alaba va yutuqlarimni ko’rolmay, hasad ichini yemirib, menga va haramimdagi o’z singlisiga ko’p ozor berdi. U Movarounnahrni mendan tortib olishga, meni o’ldirib, taxtga o’zi o’ltirishga bel bog’ladi. O’rtamizda bir necha bor urushlar bo’lib turgan bo’lsa-da barchasida yengildi. Uning adolatsizligi, insofsizligi chegaradan oshgan, meni yengish va o’ldirishga oz qolgan vaqt ham bo’ldi. Aynan shu vaqtda qo’rsligi, yomon yo’l tutishi tufayli amirlari undan yuz o’girishdi”. Shunday qilib, Amir Husayn Amir Temurga qarshi kurashlarda g’alabaga erisholmay borgan sari o’z mavqei va salohiyatini yo’qotib bordi. Hatto, undan eng yaqin safdoshlari bo’ysinishdan bosh tortdilar. Nizomiddin Shomiyning so’zi bilan aytganda “xalqning undan ko’ngli sovidi. Davlat va mamlakat aholisi undan yuz o’girdi.” Amir Husaynning adolatsizligi va zulmi xalqning barcha toifalari allaqachon nafrati va g’azabini uyg’otgan edi. U faqat nayrangbozlik va zo’ravonlik bilan taxtda o’tirgan. O’z-o’zidan ma’lumki bunday holatni uzoq davom etishi mumkin emas edi, albatta. Uni ayniqsa Amir Temurga nisbatan g’irromligi va xoinligi xalqning g’azabiga g’azab qo’shgan.

Muhammad payg’ambarning avlodlaridan biri Sayyid Baraka Amir Temurni buyuk zafarlar kutayotganini bashorat qilib, ulug’ hukmdorlik timsoli hisoblangan nog’ora va bayroqni hadya etadi. Bu to’g’rida Sharafuddin Ali Yazdiy yozadi: “Makkai muazzamning buyuk shariflaridan biri, o’z asrida yer yuzi sayidlarining peshvosi, zoti sharif Toha va Yosin saralangan shodasining vositasi bo’lmish naqblar peshvosi, murtazoi a’zam, ulug’ligi sifat va unvonlarini keltirishga hojatsiz olijanob Sayyid Baraka hech qanday va’da va oldindan kelishuvsiz, kutilmaganda ul humoyundin manzilda peshvoz chiqdi hamda saltanat va podsholik belgilarini anglatuvchi nog’ora va alam (bayroq) keltirib, hazrat Sohibqironga sovg’a qildi. (So’ngra Alloh) ko’magidan ilhomlangan holda baxt-saodat so’zlarini aytib bashorat qo’shig’ini karomat pardasida chala boshladi:

Alloh himoyasi senga erur posbon,
U boshdan bu boshgacha seniki jahon.
Davlat nog’orasin chal, maydan seningdur,
Bu olam tangrisining istagi erur”.

Sayyid Barakaning Amir Temur sha’niga aytgan so’zlari va bashorati faqat uning o’zini emas, balki butun mazlum xalqning fikri-zikrini izhor etgan edi. Bu vaqtga kelib Amir Temur ozodlik ramzi sifatida olimu fozillarni, din peshvolarini, amirlarni va xalq ommasining diqqat markazidan o’rin egalladi. Bundan ruhlangan Amir Temur uzoq yilar kutib kelgan qulay fursatni qo’ldan boy bermaslikka ahd qilib, hal qiluvchi jangni boshlab yuboradi. U Termizdan uch chaqirim naridagi Buyo degan joyga kelib o’rnashadi. Bu yerda Sayyid Baraka bilan uchrashgandan keyin Surxondaryoning yuqori oqimida joylashgan Chag’oniyon (Denov yaqini)ga kelib qo’shinni tayyorlash bilan shug’ullanadi. So’ngra Amir Temur Kofanihon daryosining Amudaryoga quyilish joyidagi hozirgi Ayvaj qishlog’iga qo’nadi. Ko’rsatilgan yerlarda turli joylardan amirlar qo’shin bilan kelishib Sohibqironga qo’shildilar. Amir Temur Xattalonga, so’ngra Amudaryodan o’tib Afg’onistonning shimolidagi Xulm mavzesiga kelib o’rnashadi. Amir Temur yuqorida ko’rsatilgan joylarda kuchli qo’shinni tashkil etib Balxni egallash uchun yo’lni davom ettiradi. Uning qo’shinini bir qismi Amir Husayn tomonidan yuborilgan askarlar bilan to’qnashib qattiq jang qilindi. Dushman kuchlari mag’lubiyatga uchratildi. Shundan keyin Amir Temur qo’shinlari Hinduvon nomli Balx qal’asini qurshab oldilar. Bu yerdagi dahshatli jangni Sharafuddin Ali Yazdiy shunday tasvirlaydi.

Jahongir hamda gardun haybatli shoh,
Tepadan pastga boshlab keldi sipoh.
Chumoli chigirtkadek sonsiz edi,
Shaharu qo’rg’on sari yopirildi.
Turonguruhdan ko’tarildi suron,
Qo’rquvdan titrar tog’ va dasht o’shal on.
Otliqlar ot surib rosa jang qildi,
Piyodalar bir-biriga tashlandi.
Yer toraydiyu, qora bo’ldi jahon,
Quyosh titradi va oy qo’rqdi chunon.
Nayzalar qonidan yer yozib borar,
Pistirma kamondan o’lim yuborar.
Qorong’u tushguncha urush tinmadi,
Biror kishi jangdan qo’lin tiymadi.

Haqiqatan ham Balx qal’asi uchun kurash shu darajada dahshatli tus oldiki, qonlar bamisoli suv kabi oqdi. Shunisi diqqatga sazovorki, Amir Temur o’zining yosh o’g’li Umarshayxni ham jangga jalb qilgan.

Girl in a jacket
Girl in a jacket
Girl in a jacket