ANAPA

ANAPA — Rossiya Federatsiyasi Krasnodar o’lkasidagi shahar (1846 yildan), qora dengiz sohilidagi bolalar iqlimiy va shifobaxsh balchiq bilan davolovchi kurort. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 56,7 ming kishi (1992). Iqlimi iliq. Yillik o’rtacha temperatura 11,6°, yozi issiq. Shahar atrofida tokchilik rivojlangan. Anapada qishloq xo’jligi texnikumi, oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalaridan yigiruv-to’quv fabrikasi, o’lkashunoslik muzeyi, sanatoriylar, dam olish uylari, ona va bolalar pansionatlari bor. Miloddan avvalgi 4 — 3 – asrlarda Anapa o’rnida — Gorgippiya antik shahri bo’lgan. Anapa arxeologik qazishlar o’tkazilgan joy — ochiq osmon ostidagi muzey.