ANDIJON QISHLOQ XO’JALIGI INSTITUTI

ANDIJON QISHLOQ XO’JALIGI INSTITUTI — qishloq xo’jaligi mutaxassislari tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. Andijon tumanining Kuyganyor shaharchasida joylashgan. Institut 1964 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti bo’limi asosida barpo etilgan Andijon paxtachilik instituti negizida 1992 yil 28 fevralda tashkil etilgan. Institut tarkibida Agronomiya, agroinjenerlik, iqtisodiyot, sirtqi va malaka oshirish fakultetlari va 21 kafedra mavjud bo’lib, 10 ta’lim yo’nalishi bo’yicha bakalavrlar tayyorlanadi. Bular — Agronomiya, meva-sabzavotchilik va tokchilik, o’simliklarni himoya qilish, ipakchilik, zootexniya, agroinjenerlik, suv xo’jaligi va melioratsiya, iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi va audit, agroinjenerlik bo’yicha kasbiy pedagogik tayyorgarlik ta’lim yo’nalishlaridir. Institut qoshida akademik litsey, lisey-internat va o’quv-ilmiy ishlab chiqarish xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi (2000). 1999/2000 o’quv yilida institutda 3 ming atrofida talaba o’qidi; 200 professor- o’qituvchi, jumladan 1 akademik, 7 fan Doktori, professor, 100 dan ortiq fan nomzodi, dotsent ishladi. Institut tashkil etilgandan beri 12 mingdan ortiq mutaxassis tayyorladi; 4 ming rahbar kadrlar va mutaxassislar qayta tayyorlandi (2000). Institut olimlari tomonidan darslik, o’quv qo’llanma, ilmiy-metodik to’plamlar nashr etiladi. Institut olimlari xorijiy mamlakatlarning nufuzli oliy o’quv yurtlari bilan o’quv jarayonini takomillashtirish va ilmiy tadqiqot ishlarni hamkorlikda olib borish borasida aloqalar o’rnatgan. Jumladan Shotlandiya qishloq xo’jaligi kolleji va TEMRUSDESPES loyihasi bo’yicha Niderlandiyaning Vagenigen universiteti bilan hamkorlik qiladi; shuningdek Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti olimlari bilan hamkorlikda BASIS loyihasida ham ishtirok etadi.