ANEMIYA

ANEMIYA (Yunoncha an — inkor qo’shimchasi va haima — qon), kamqonlik — qonda eritrositlar soni va gemoglobin miqdorining kamayishi, sifatining o’zgarishi bilan kechadigan kasallik. Anemiyaga qon yaratilish jarayonining buzilishi, to’satdan yoki surunkasiga qon yo’qotish, qizil qon tanachalari (eritrositlar) ning ko’p parchalanishi, asosiy qon yaratuvchi to’qima — ko’mikning o’z funktsiyasini yetarli bajara olmay qolishi sabab bo’lishi mumkin. Temir va vitamin V12 yetishmasligi oqibatida kelib chiqadigan Anemiya birmuncha keng tarqalgan. Oz-ozdan uzoq vaqt qon ketib turganda, masalan, bavosir yoki me’da va o’n ikki barmoq ichak yarasi kasalligida ham ko’pincha Anemiya kuzatiladi. Hayz qoni uzoq va ko’p ketadigan ayollarda ham temir yetishmasligidan kelib chiqadigan Anemiya tez-tez uchrab turadi. Temir yetishmasligiga aloqador Anemiyaga bot-bot homilador bo’lish, uzoq vaqt bola emizish sabab bo’ladi, chunki homiladorlik va emizuklik davrida ona organizmidagi temir zaxirasining bir qismi bolaga o’tadi. Kichik yoshdagi bolalarda kuzatiladigan kamqonlik ularni noto’g’ri ovqatlantirish, shuningdek ovqatning kam-ko’st bo’lishi oqibatida ro’y beradi. Eritrositlar soni sal kamaygani yoki raso bo’lgani holda, qonda gemoglobin miqdorining ozayishi temir yetishmasligiga aloqador aning asosiy belgilaridandir. Bemorning rangi siniqqan bo’lib, aksariyat tez charchash, bosh og’rishi, bosh aylanishi, ko’z oldi jivirlashishidan shikoyat qiladi, soch to’kiladi, tirnoq mo’rtlashib sinishga moyil bo’lib qoladi. Ba’zan yutinish qiyinlashadi, bemorning odatda iste’mol qilinmaydigan narsalar (bo’r, ohak, gilvata va hokazolar) ni yegisi keladi, achchiq, sho’r taomlarni xush ko’radi. Temir yetishmasligiga aloqador Anemiyaning oldini olish va davolashda qon yo’qotish ehtimoli bo’lgan manbalarni o’z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish, homilador bo’lish va tug’ishni ma’lum darajada rejalashtirishga erishish, bekamu ko’st ovqatlanishga rioya qilish lozim. Vitamin V12 yoki folat kislota etishmasligi oqibatida kelib chiqadigan Anemiya ancha kam uchraydi. Anemiyaning bu xilida o’ziga xos alomatlar: til achishishi, kasallik o’tkazib yuborilganda nerv sistemasining zararlanish (funikulyar mieloz) belgilari kuzatiladi. Bu xil Anemiyaning oldini olish uchun me’da-ichak yo’lining surunkali kasalliklari, ayniqsa ich ketishi bilan o’tadigan kasalliklarni o’z vaqtida aniqlab davolash juda muhim. Gijja tarqalgan joylarda ulardan zararlanishning oldini olish choralarini ko’rish zarur, kasallik paydo bo’lganda esa o’z vaqtida davo qilish lozim. Eritrositlarning ko’plab yemirilishi bilan bog’liq gemolitik Anemiya xillari ko’p. Ular irsiy yoki orttirilgan bo’lishi mumkin, odatda teri hamda shilliq qavatning sarg’ayishi, eritrositlar soni va gemoglobin miqdorining kamayishi bilan kechadi. Barcha xil Anemiyada vrachga murojaat etish va o’z vaqtida to’g’ri davolanish zarur. Ad.: Petrov V. N., Baxramov S. M., Farmankulov X. K., Jelezodefisitnie anemii, T., 1995. Saidjalol Bahromov.

ANEMIYA (Anaemia) — qirqquloqdoshlarga mansub ko’p yillik sporali o’simliklar turkumi (urug’i). Sporasiz barglari patsimon. Sporali barglarining yaproqlari qisqargan, o’qtomiri uzaygan. Sporalari bargning faqat eng pastidagi bir juft yaproqchalarida joylashgan. 140 dan ortiq turi bor. Shundan 96 ga yaqini Amerika, Afrika va Madagaskarning tropik yerlarida keng tarqalgan, bir turi Hindistonda o’sadi, 50 ga yaqin turi qazilma holda uchraydi. Anemiyaning changi va barg izlari Turkiston va boshqa joylarning yura va, asosan, bo’r qatlamlaridan ko’plab topilgan. O’zbekistonda Anemiyaning 10 tacha qazilma turi ma’lum. Ularning kupchiligi Hisor tog’lari, Farg’ona vodiysining Janubiy hududlari, Farg’ona tog’larining shimoliy qismi, Buxoro, Xiva depressiyasining yura va bur qatlamlaridan topilgan.