ANGISHVONAGUL

ANGISHVONAGUL, o’ymoqgul (Digitalis) — sigirquyruqdoshlar oilasiga mansub ikki yillik va ko’p yillik o’tlar turkumi. Yevropa va Osiyoda 25 ga yaqin turi bor. Barchasi zaharli. Angishvonagulning poyasi tikka(uzunligi 40— 150 santimetr), barglari ketma-ket joylashgan, barg cheti arrasimon, ba’zi turlarida tekis. Barglar poyaning ostidan uchiga tomon maydalashib boradi. Gullari shingil to’pgulga yig’ilgan, gultoji qo’ng’iroq yoki angishvonaga o’xshash; o’simlik nomi ham shundan olingan. Qizil Angishvonagul va sariq Angishvonagulning bargidan purpurea Angishvonagul, purpurea V, digitoksin, gitoksin va yurak kasalliklariga qarshi ishlatiladigan boshqa glyukozidlar olinadi. Angishvonagulning boshqa turlaridan olingan preparatlar (masalan, abitsin) ham shu kabi kasalliklarni davolashda qo’llaniladi. Angishvonagulning ba’zi xillari O’zbekistonda xushmanzara o’simlik sifatida ekiladi.