ANIQLIK

ANIQLIK — 1) mashinasozlikda— tayyorlanadigan buyumlar (detallar, uzellar, mashina asboblari) ning oldindan belgilangan parametrlarga, chizmada berilganiga, texnik shartlarga, standartlarga mos kelish darajasi. Har qanday texnologik jarayonda muayyan xatolik bo’ladi, shuning uchun mutlaq Aniqlikga erishib bo’lmaydi. Aniqlik shakli, o’lchami, o’zaro joylashish aniqligi kabi xillarga bo’linadi. Yo’l qo’yiladigan Aniqlik (dopusklar) tizimiga muvofiq detallarning o’lchamlariga chegaraviy o’lchamdan og’ish (qo’yim) bilan Aniqlik kiritiladi; 2) avtomatik boshqarish tizimi (ABT) da — boshqarish jarayonining talab etilganga yaqinlashishi darajasini belgilovchi eng muhim ko’rsatkichlardan biri. Boshqarish jarayonining talab etilgandan og’ishi boshqarish ob’ekti va ABT dinamik xossalaridan, ABT ga kiradigan o’lchash hamda ijro qurilmalarining xatoliklari, ba’zi elementlarning ichki shovqinlari va tashqi xalaqitlaridan kelib chiqadi; 3) o’lchashda — o’lchash natijalarining o’lchanayotgan kattalikning haqiqiy qiymatiga yaqinlashish darajasi; 4) o’lchash asboblarida— o’lchash asboblari ko’rsatgan qiymatning maxsus asbob yordamida o’lchangan kattalikning haqiqiy qiymatiga yaqinlashish darajasi.