Annallar nima?

Bu nom lotincha appo — yil so’zidan kelib chiqqan. Dastlab oliymaqom kohinning Rimdagi qarorgohi ro’parasida namoyish etilgan yozuv taxtasini annallar deb atashgan. Ularda muhim voqealarning (masalan, Quyosh tutilishi) sanalari, oliy amaldorlarning ism-shariflari va muhim yangiliklar (urushlar) haqidagi xabarlar yozib borilardi. Keyinchalik ular 80 kitobdan tarkib topgan «Buyuk annallar»ga sig’dirilgan edi. Rim adabiyotida xuddi shuningdek voqealar to’g’risidagi qisqacha yilma-yil qaydlarni qamragan o’rta asrlar solnomalarini ham annallar deb atay boshladilar. Ularda Rim tarixiga asos solinishidan tortib to joriy yilgacha tavsiflanar edi. Har bir davrning tavsifi aniq tuzilmaga ega bo’lgan: dastavval hukmronlik qilgan konsullar va ancha-muncha nufuzli amaldorlarning ism-shariflari sanab o’tilgan, so’ngra urushlar va tashqi siyosat bobidagi voqealar haqida xabarlar keltirilgan. Yakunida ichki hayotining eng muhim voqealari ko’rib chiqilgan, bayramlar, alomatlar, tabiat hodisalari tavsiflangan. Annallarda ko’plab daliliy axborotlarning xabar qilinishi, voqealarning esa kam darajada baholanishi ularning farqlovchi xususiyatidir. Mana shuning uchun ham annallar hozirgi zamon tarixchilari nazdida qimmatli manba sanaladi. Tit Liviy qalamiga mansub «Rim tarixi» shu qabildagi eng mashhur asarlardan biri. Ammo u belgilangan sxemaga shunchaki rosmana rioya qilgan, chunki uning uchun buyuk shahar tarixiga o’z qarashlarini bayon etish muhimroq bo’lgan. Shu sababli Liviyning asari oldin o’tgan zamonlar annallarini o’rtadan ko’tardi va ularning o’rnini egalladi.