Tosh kitoblarni kim o’ylab topgan?

Milodning II asrida Xitoyda mashhur faylasuf Konfutsiyning kitoblaridan iqtibos matnlarni baland toshustunlarga o’yib yozish rusum bo’lgan edi. Ming-minglab odamlar bu ustunlar yoniga ularda o’yilgan matnlarni yodlab olish ilinjida oqib kelishardi. Ularni har bir odamning qo’li etadigan qilish maqsadida bundayin matnlarni ko’paytirishning qiziqarli usuli o’ylab topiladi. Sathiy bitik ustiga bir necha qo’l qog’oz varaqlarini yotqizishar va yog’och bolg’acha bilan birma-bir urib chiqish yordamida ularga harflarning tasvirini ko’chirishar edi. Shundan keyin varaq bo’ylab qizil bo’yoq shimdirilgan g’o’lachani g’ildiratib olishardi. Bo’yoq botiq harflar mos keladigan joylarni ochiq qoldirgancha varaqni sidirg’a fon bilan qoplar edi. Albatta, bu narsa to’lasincha biz hozir botiq bosma deb ataydiganimiz emasdi. Shunga qaramasdan, bu amal muvaffaqqiyatli yakunlangan dastlabki matn ko’paytirish tajribasi bo’lgan. Tosh kitob bosish uchun unchalik ham qulay bo’lmagan material ekanligi oydinlashdi. Unga tasvirni o’yish juda qiyin, bundan tashqari, tosh taxtacha yetarli darajada og’ir ham edi. Shuning uchun tez orada Xitoyda bosmaning boshqa usulini o’ylab topishdi — chunki azal-azaldan ipakka gul solib kelishgan-da! Buning uchun chop etilishi zarur bo’lgan matnni o’tkir pichoq bilan tep-tekis yog’och taxtachaga o’yishgan. Sathiy belgilarni bo’yoq bilan chaplashgan va toza qog’oz varag’iga yotqizishgan. Bosmaning bu usuli kselografiya deb ataladi (yunoncha «ksilos» — «daraxt» so’zidan). Buddoviylarning «Olmos sutra»si kselografiya usulida chop etilgan ilk kitob bo’ldi. U 868 yilning 11 mayida chop etilgan edi.