Po’stloq yorliqlar nima?

Boshda qayin po’stlog’i bo’laklariga o’yib yozilgan topilmalar qiziqarli kashfiyotlarga olib keladi, deb kamdan-kam odamlargina taxmin qila olardi. Qadimiy Novgorodda o’tkazilgan qazuv ishlaridan birida aniqlangan po’stloq bitiklar tadqiqotchilarga bir butun olam ochib berdi. Novgorodliklarning XI—XVI asrlardagi kundalik turmushi boshqa qadimshunoslik topilmalardan birortasida ham uchramaydigan bir tarzda namoyon bo’ldi. Dastlabki yorliqlar 1951 yilning yozida topilgan edi. Bular bizdan olis ajdodlarimizning bitiklari edi. Qazish ishlari po’stloq yorliqlar besh yuz yildan ko’proq davr mobaynida yotqizilavergan barcha qatlamlarda uchrashini ko’rsatdi. Ular harorat va namlikning alohida birikuvi tufayli, shuningdek matn po’stloq qalamda yozilmagani, balki turlicha tig’dor buyumlar bilan qirib yoki o’yib yozilgani uchun saqlanib qolgan. Qadimda po’stloq — maxsus ishlov berilgan qayin po’stlog’i — juda keng tarqalgan yozuv yoziladigan material edi. Po’stloqqa yozilgan qo’lyozmalar va hatto kitoblar borligi ham ma’lum. Shuning barobarida u pergamentdan ham, qog’ozdan ham ancha-muncha arzon bo’lgan. Shuning uchun ham avom-oddiy shaharliklar, savdogarlar, hunarmandlar aksariyat hollarda po’stloqqa xat bitishgan. Ammo po’stloq juda oson chiriy boshlagan. Shu bois unga yozilgan hujjatlar faqat alohida harorat va namlik sharoiti yaratilgan joylardagini saqlanib qolgan. Mana shu sababdan ham qadimshunoslar po’stloq yorliqlarni faqat Novgorodda, Smolenskda va ayrim boshqa shaharlarda topishadi. Ammo bu yerlarda ham ularni faqat maxsus ishlov berilganidan keyingina o’qishning iloji bo’ladi. Endilikda topilgan yorliqlar miqdori yuzlarda o’lchanadi va ularning hammasi maishiy turmushdan hikoya qiladi. Ularning syujeti ham g’oyat rang-barang — sigir sotib olish yoki qarzni undirish, mato xarid qilish yoxud qishloqdan zarur buyumlarni keltirish to’g’risida iltimoslar. «Daftar» — XIV asrning ikkinchi yarmida yashagan Onfim degan bolakayga tegishli bir necha po’stloq varaqlar — judayam maroqli. «Daftar»da Onfimning o’sha zamonlardagi boshlang’ich maktabda savodxonlikka hay tariqa o’rgatilishini aks ettiruvchi husnixat bo’yicha mashqlari yozilgan. Novgorod po’stloq yorliqlari — Rusning eng qadimiy madaniy yodgorligi ana shunday e’tiborga loyiq topilmalardir.