Asfalt qanday paydo bo’lgan?

Siz asfaltni ko’z ochib dunyoni ko’rganingizdan beri bilasiz — asfalt yo’lkalar bo’ylab chopqillagansiz, velosipedda kezgansiz va asfalt yo’llar bo’ylab avtomobilda sayohat qilgansiz. Lekin siz asfaltdan qadimgi odamlar ham foydalanganligini eshitganmisiz? O’zining suvga chidamliligi tufayli asfalt qadimgi Bobil mamlakatida ham ma’lum bo’lgan, faqat u zamonlarda asfaltni «smola» deb atashgan. Keyinchalik uni qadimgi Rimda «bitum» deb nomlashgan. Asfalt bilan hovuzlar va suzish basseynlarining tagini suv oqib ketmasligi uchun mahkam qilib suvashgan. Asfalt — qoramtir-jigarrang yoki timqora tusli ma’daniy moddadir. Yerda u suyuq va qattiq holatda uchraydi. Asfalt xom neftning tarkibida ham mavjud. Qizitilganda asfalt yumshaydi, keyin suyuqlikka aylanadi va sovugach qayta boshdan qattiq holatga o’tadi. Asfaltning tarkibida vodorod va uglerod bor. Asfaltning ikki xili mavjud — tabiiy va neft tarkibidagi asfalt. Tabiiy asfalt yer sirtiga uzala tushgan qatlam ko’rinishida uchraydi. Neftli asfalt zamonaviy neftni qayta ishlash zavodlarida xom neftni qayta ishlash jarayonida olinadi. Tabiiy asfalt neftdan hosil bo’lib, u qum va toshloq yer tuprog’idan sizib yuqoriga ko’tariladi. Sof asfalt va bitum toshloq yerlar bag’rida saqlanib qoladi. Trinidad orolida dunyodagi eng yirik asfalt ko’li bor. Bu ko’l 40 gektar kenglikka yoyilgan bo’lib, chuqurligi 30 metrdan oshadi. 1876 yilda AQSh poytaxti Vashington ko’chalariga asfalt yotqizilganida uning asosiy qismi o’sha Trinidad orolidan olib keltirilgan edi. Zamonaviy ko’priklar uchun asfalt-tsement ishlatilmoqda. U tosh va qumlarni mustahkam jipslashtiradi, shuningdek yo’l badaniga suvni singdirmaydi. Asfaltsement egiluvchan xossaga ega bo’lganligi tufayli og’ir vazn ta’sirida bukiladi, ammo sinmaydi. Aeroportlarning uchish yo’llari uchun alohida pishiq asfalt ishlatiladi, chunki ayrim tayyoralarning og’irligi 140 tonnadan ham ortiqroqdir. Xuddi shunday asfalt og’irligi 45 tonnadan ziyod yuk avtomobillari yuradigan yo’llarni qurishda ham ishlatiladi.