ASTURIYA
ASTURIYA — Ispaniya shimolidagi tarixiy viloyat. Kantabriya tog’larining shimoliy yon bag’rida. Ma’muriy jihatdan hozirgi Ovedo provintsiyasini tashkil etadi. Maydoni 10,6 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1,1 million kishi (1991). Eng katta shaxri — Ovedo. Qadimda astura qabilasi tomonidan egallangan edi. Miloddan avvalgi 1-asrda rimliklar, 414 yilda vestgotlar tomonidan ishg’ol qilingan. 6-asr oxirlarida arablar qo’liga o’tgan. Asturiya 718 yildan (Kovadonga vodiysidagi jangdan so’ng) Qirollik (poytaxti — Ovedo). 924 yilda Asturiya hududi Leon qirolligi bilan qo’shilib yagona Leon qirolligi, 1230 yilda Kastiliya bilan birlashib, Leon-Kastiliya qirolligi deb ataldi. 15-asrda Birlashgan Ispaniya tarkibiga kirgan. 1808-14 yillarda Asturiya aholisi Napoleon qo’shinlariga qarshi qattiq kurash olib borgan. Asturiya Ispaniyaning eng muhim konchilik sanoati rayoni mamlakatning asosiy ko’mir havzasi (toshko’mir qazib chiqarishda mamlakatda 1-o’rinda turadi). Simob, mis, temir rudasi, volfram, dala shpati konlari ham bor. Elektr energiya ishlab chiqarishda mamlakatda 3 o’rinda turadi. Qora metallurgiya va kimyo korxonalari, harbiy zavodlar, oziq-ovqat, charm poyabzal, to’qimachilik, yog’ochsozlik, tamaki, baliq sanoati korxonalari bor. Makkajo’xori, kartoshka, yem xashak ekinlari ko’proq ekiladi. Yaylov ko’p. Asturiya sut-go’sht chorvachiligining asosiy rayoni. Mevachilik rivojlangan.