AUTBRIDING

AUTBRIDING (inglizcha out — tashqari va breed — urchitish) — bir-biriga irsiy jihatdan yaqin (qarindosh) bo’lmagan organizmlarni chatishtirish. Chorvachilikda Autbridingdan maqsad ba’zi bir qondosh hayvonlarda uchraydigan nuqsonlar (hayvon tana tuzilishi, mahsuldorlik ko’rsatkichlari, rezistentlikning pasayishi va hokazolar) ni yo’qotishda qo’llaniladi. Autbriding avvaldan rejalashtirilgan, yaxshilanishi zarur bo’lgan belgilarni inobatga olgan holda bajariladi. Har xil ekologik zonalardagi bir zotga mansub, lekin qarindosh bo’lmagan hayvonlarni urchitish ularning hayotchanligini oshirishda yaxshi samara beradi. O’zbekistonda Autbriding naslchilik boshqarmalari va inspektsiyalari rahbarligida naslli mollar va ularning urug’idan foydalanish yoki xo’jaliklarda nasldor erkak hayvonlarni almashtirish orqali amalga oshiriladi. Autbriding faqat sof holda urchitiladigan hayvonlarni ko’paytirishda qo’llaniladi.