AVGUSTIN

AVGUSTIN Avreliy, Avliyo Avgustin (Augustinus Sanctus) (354, Tagast shahri, Shimoliy Afrika — 430, Gippon shahri, Shimoliy Afrika) — xristian dini ilohiyotchisi, «cherkov otalari»dan, adib, faylasuf. Katolisizm aqidalarining shakllanishiga ta’sir ko’rsatgan. Gippon shahri uskufi (episkopi) martabasiga erishgan. Diniy-falsafiy ruhdagi qator va’z va risolalari saqlanib qolgan. Ulardan mashhurlari: 1) «Tavba» (400 yil); 2) «Ilohiy shahar haqida» (413-427 yillar; 22 kitobdan iborat). «Ilohiy shahar haqida» asarining yozilishiga Rim imperiyasi poytaxti gotlar tomonidan bosib olinib, vayron qilinishi turtki bo’ldi. Asarda bu vayrongarchilik rimliklar asrlar mobaynida o’zga xalqlarga nisbatan o’tkazgan bosqinchilik va zo’ravonlik siyosati uchun Xudo tomonidan yuborilgan jazo sifatida talqin qilinadi. Asarning 10 ta kitobi Rim tarixiga, 12 ta kitobi insonlar jamiyati va davlatning mohiyatiga bag’ishlangan. Avgustin dunyoni ikki saltanatga bo’ladi: 1) «Zamin shahri» — yovuzlik, zo’ravonlik va shayton saltanati; 2)»Ilohiy shahar» — ezgulik va Rahmon saltanati. Birinchisi — inson xudbinligi asosiga qurilgan va ilohiylikni rad etadi, ikkinchisi — ilohiy mehr asosiga qurilgan bo’lib, insonning moddiy ehtiyojlardan yuz o’girishini taqozo qiladi. Avgustin ta’limotiga ko’ra, «Ilohiy shahar» ning yer yuzidagi timsoli Masihiy cherkovidir, unga samoviy cherkovga tayyorgarlik vositasi sifatida qaralmog’i lozim. Avgustin qadimgi yunon mushriklik davri qadriyatlarini masihiylik nuqtai nazaridan keskin tanqid qiladi, inson o’z irodasi bilan ezgulikka erisha olmaydi, inson gunohlardan faqat Xudoning inoyati va cherkov tufayli forig’ bo’ladi, deb hisoblaydi. Avgustin fikriga ko’ra, «Yagona Tangri barcha go’zallikning haqiqati va eng oliy go’zalliqdir». Avgustin «e’tiqodsiz bilim ham, haqiqat ham yo’q», deb hisobladi. Avgustin ta’limoti Yevropada deyarli ming yil davomida ilmfanning cherkovga tobe holda qolishiga muayyan darajada nazariy zamin bo’ldi va cherkov hokimiyatining qudratli kuchga aylanishiga ko’maklashdi.