AVSTRIYALIKLAR

AVSTRIYALIKLAR (o’zlarini esterrayxer deb ataydilar) — xalq, Avstriyaning asosiy aholisi. Umumiy soni 8,8 million kishi (1992). (Avstriyada — 7,15 million. kishi). Avstriyaliklar nemis tilida so’zlashadi. Yevropeoid irqiga mansub. Dini — katolik, oz qismi — protestant. Avstriya yeridagi eng ilk qabilalar: illiriylar, keltlar, retlardir. Miloddan avvvalgi 2-asrda Avstriya yerini rimliklar bosib olib, yerlik xalqlarni romanlashtirdi. 5-6 asrlarda Avstriyaga yana bir qancha qabilalar va qabila birlashmalari (gotlar, gunnlar, langobardlar va boshqalar) bosib kiradi. Bular yerlik xalqlarning etnik tarkibiga qisman o’zgarish kiritgan. 6-asrda Avstriya yeriga slavyanlar va germanlar (bavarlar, alemannlar) keladi. Slavyan va germanlar Avstriyaning ilk romanlashgan guruhlari bilan qo’shilib ketishlari natijasida Avstriyaliklar elati, 19-asrning oxirlarida esa Avstriyaliklar millati tashkil topdi.