AVTOMAT SUG’ORGICH

AVTOMAT SUG’ORGICH – mollar ichgan sari idishga o’z-o’zidan suv yuborib turadigan moslama. Ishlash tarziga ko’ra klapanli (qopqoqli) va vakuumli bo’ladi. Tepkili, qalqovuchli turlari ham bor. Bir kosali, ikki kosali va ko’p kosali bo’ladi. Qoramol tumshug’i bilan kosadagi richagni bosganda klapan prujinasi qisilib, klapan ochiladi va kosaga suv tushadi, mol boshini ko’targanda klapan suv yo’lini bekitadi. Qalqovuchli Avtomat sug’orgich sug’orish nasosi va qalqovuchli kameradan iborat. Kamerada suv kamaysa, qalqovuch ko’tarilib, ignali klapan uyasidan chiqadi va suv naychalardan kameraga quyiladi. Vakuumli Avtomat sug’orgich idishda suv sathining o’zgarishiga asoslangan. U kosa va uning ichiga to’nkarib qo’yilgan idishdan iborat. Idishning tubida suv oqib chiqadigan teshik bor.